AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning ma’lum qilishicha, Vashington Eronga qarshi sanksiyalarni faqat Hormuz bo‘g‘ozini ochgani uchun bekor qilish niyatida emas.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron avvalo Hormuz bo‘g‘ozidagi blokadani tugatishi, tijorat kemalaridan majburiy to‘lov yig‘ishni va ularga qarshi hujumlarni to‘xtatishi, shuningdek, dengiz minalarini olib tashlashi lozim.
Rubio buni muzokaralarning keyingi bosqichiga o‘tish uchun zarur shart deb atadi.
Shundan keyin Eronning yuqori darajada boyitilgan urani taqdiri, uran boyitish faoliyatini cheklash yoki taqiqlash hamda yadroviy dasturga uzoq muddatli nazorat o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar boshlanishi mumkin.
AQSh Davlat kotibi bu jarayon texnik jihatdan juda murakkab ekanini ta’kidlab, muzokaralarning ikkinchi bosqichi 30 kundan 90 kungacha davom etishi mumkinligini bildirdi.
Shu bilan birga, AQSh Eronga iqtisodiy bosimni kuchaytirishda davom etmoqda. 3 iyun kuni Vashington Eronning yirik kriptovalyuta platformalariga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi.
Skott Bessentning ta’kidlashicha, Eron raqamli aktivlardan sanksiyalarni chetlab o‘tish va kapitalni mamlakatdan olib chiqish uchun foydalanmoqda.