Jizzax shahridagi savdo nuqtalaridan birida o‘tkazilgan nazorat xaridlari davomida Xitoyda ishlab chiqarilgan ayrim bolalar o‘yinchoqlarida xavfsizlik talablariga nomuvofiqliklar aniqlandi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Jizzax hududiy bo‘limi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda «Elastik spiral ipli to‘p», «Pinch» savdo belgili mushuk panjasi va «Avengers superhero» o‘yinchoqlaridan namunalar olinib, laboratoriya sinovlari o‘tkazildi.
Sinov natijalariga ko‘ra, mahsulotlarda o‘tkir hid mavjudligi, himoya qoplamasining namlik ta’siriga chidamsizligi, mayda detallarning mustahkam biriktirilmagani, mexanik ta’sirga bardosh bermasligi hamda formaldegid miqdori me’yorlardan yuqoriligi aniqlangan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, formaldegid nafas yo‘llari, ko‘z va teriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, allergik reaksiyalarni kuchaytirishi hamda bolalar salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Shuningdek, o‘yinchoqlardagi mayda qismlarning osongina ajralishi bolalarning ularni yutib yuborishi yoki jarohatlanishiga sabab bo‘lishi ehtimoli mavjud.
Tekshiruv davomida mahsulot yorliqlarida zarur ma’lumotlar davlat tilida ko‘rsatilmagani ham qayd etildi. Aniqlangan holatlar «Bolalar o‘yinchoqlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamenti» talablariga zid deb topildi.
Mazkur kamchiliklar yuzasidan savdo sub’ektlariga ogohlantirish xatlari yuborildi hamda ushbu mahsulotlarni savdodan chiqarish va realizasiyasini to‘xtatish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.