AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Eron ommaviy axborot vositalarida savdo kemalari Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tish chog‘ida dengiz minalariga duch kelayotgani haqida tarqatilgan xabarlarni rad etdi.
Bu haqda CENTCOM’ning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilingan.
«Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi xalqaro miqyosda tan olingan barcha asosiy yo‘nalishlar AQSh kuchlari tomonidan dengiz minalaridan tozalangan va hozir ham toza holatda», — deyiladi xabarda.
Harbiylar Eron matbuotida savdo kemalari Hormuz bo‘g‘ozida dengiz minalariga duch kelayotgani haqida tarqatilgan da’volarni yolg‘on deb atagan.
CENTCOM, shuningdek, minglab savdo kemalari ushbu yo‘nalishlar orqali xavfsiz o‘tgani va ulardan foydalanishda davom etayotganini ma’lum qilgan.
Avvalroq Eron axborot agentliklari, jumladan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga (IIQK) tayanib, Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan kemalar dengiz minalariga duch kelgani haqida bir necha bor xabar bergan edi. Bunday mazmundagi so‘nggi xabar seshanba kuni tarqatilgan.
Shu bilan birga, kemalar bilan bog‘liq hodisalar haqida ma’lumot berib boruvchi Buyuk Britaniyaning Dengiz savdo operasiyalari boshqarmasi (UKMTO) ayrim holatlarda kemalarga kelib tekkan snaryadlar turi va manbasi aniqlanmaganini bildirgan.