Hindistonning Gvalior shahrida yuk mashinasi ibodatxonaga yo‘l olgan ziyoratchilarni bosib ketishi oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi, yana 33 nafar inson turli darajada jarohat oldi.
Bu haqda India Today nashri mahalliy polisiya ma’lumotlariga tayanib xabar bermoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuk mashinasi haydovchisi transport vositasini boshqara olmay qolgan va natijada odamlar to‘dasi ustiga bostirib kirgan.
Hodisa Shitla Mata ibodatxonasiga yo‘l olgan ziyoratchilar ishtirokida sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, yo‘lning ushbu qismida tik qiyalik mavjudligi sababli og‘ir yuk mashinalarining harakatlanishi taqiqlangan.
Polisiya ma’lumotlariga ko‘ra, jarohatlanganlardan olti nafarining ahvoli o‘ta og‘ir deb baholanmoqda.
Ayni paytda fojianing kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.