Hindiston va Pokiston o‘rtasida ziddiyat tobora kuchaymoqda. Bharat 24 nashrining yozishicha, Hindiston harbiy-havo kuchlari bosh qo‘mondoni, aviasiya bosh marshali A. P. Singh Pokiston bilan chegarada havo kuchlari to‘liq jangovar tayyorgarlikka keltirilganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, “Rafale” rusumidagi zamonaviy qiruvchi samolyotlar oldingi harbiy aerodromlarda joylashtirilgan va uzoq masofali parvozlar bo‘yicha mashg‘ulotlar uzluksiz davom ettirilmoqda.
“Havo hujumidan mudofaa tizimi to‘liq faollashtirilgan. Chegarani buzishga yoki har qanday harbiy faoliyatga zudlik bilan javob qaytarishga tayyormiz”, deyiladi Bharat 24 maqolasida.
Shu bilan birga, Pokiston rasmiylari ham harbiy tayyorgarlik ko‘rayotganini e’lon qildi. The Times of India nashrining xabariga ko‘ra, Pokiston armiyasi Fatah seriyali “er-er” raketasini sinov tariqasida muvaffaqiyatli uchirdi.
Ushbu raketaning uchish masofasi 120 kilometrni tashkil etadi va u Pokiston armiyasining navbatdagi harbiy mashg‘ulotlari paytida sinovdan o‘tkazilgan.
“Bundan maqsad ushbu qurolning asosiy texnik parametrlarini, jumladan, raketaning ilg‘or navigasiya tizimi va uning aniqligini tekshirishdir”, deyiladi Pokiston Qurolli kuchlari bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, mazkur siyosiy mojaro 22 aprel kuni Hindistonning Jammu va Kashmir shtatidagi Pahalgam shahrida sodir bo‘lgan qonli hujum ortidan kuchaydi.