Bugun 2 may, 2025 yil, juma

КИР

Hindiston — Janubiy Osiyoning so‘zsiz yetakchisi

Hindiston — Janubiy Osiyoning so‘zsiz yetakchisi

Osiyoning qudratli davlatlaridan biri Hindiston mamlakatimiz bilan tarixiy munosabatlarni mustahkamlash niyatida. Yaqinda OAV vakillari uchun brifing o‘tkazgan Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi janob Santosh Ja buni e’tirof etdi. O‘zbekiston-Hindiston munosabatlari va Hindistonning erishgan yutuqlari haqida ma’lumot berdi.

Hindiston shaharlarida kundan-kunga gullab-yashnayotgan o‘rta sinf shakllanmoqda va ular axborot texnologiyasi sohasida katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi.

Hozirda mamlakat o‘z sun’iy yo‘ldoshlarini fazoga uchirish bilan birga Oyni ham zabt etish rejasi mavjud. 2014 yili hukumat tepasiga kelgan Bosh vazir Narendra Modi aholi kambag‘al qatlamining hayotini yaxshilash va iqtisodiy islohotlarni davom ettirishni o‘zining asosiy vazifasi ekanini e’lon qilgandi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiy taraqqiyotning rivojlanishi va aholi turmush darajasining ko‘tarilishi nuqtai nazaridan Hindiston ancha tezkor ildamlamoqda. Xususan, 2017 yilning birinchi yarmidan mamlakatdagi narx-navo ham jiddiy suratlarda pasayib borganligi qayd etildi. Bu 2016 yilning noyabrida mamlakat Bosh vaziri Narendra Modi tomonidan amalga oshirilgan valyuta siyosati natijasida muomaladagi ikki turdagi banknotalarning bekor qilingani bilan bog‘liq.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2020 yil moliyaviy ko‘rsatgichlari bo‘yicha Hindiston Xitoydan kamida 7,4 foizga o‘zib ketishini taxmin qilmoqda. Buning sabablaridan biri sifatida Hindistondagi 100 milliondan ortiq kichik firmalarning muvaffaqiyatli ishlab turgani keltirilmoqda. Yana bir qiziq ma’lumot. 2017 yilda Hindiston Fransiyani quvib o‘tib, yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha dunyo mamlakatlari ro‘yxatida oltinchi o‘rinni egalladi.

Hozirgi paytga kelib, u dunyoning kattaligi bo‘yicha beshinchi iqtisodiyoti (2.94 trillion dollar). 2024 yilga borib ko‘rsatkichni 5 trillion AQSh dollariga yetkazish niyatida. YAIM o‘sishi 5 foizni tashkil etgani holda uning o‘sishi 6-6.5 foizga yetishi kutilmoqda.2014-2019 yillarda 284 mlrd. dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar jalb etildi, bu esa so‘nggi besh yilda bu boradagi o‘sish 190 milliard dollarga yetganligini ko‘rsatadi. 2019 yil dekabr holatiga ko‘ra, xorijiy valyutadagi zahira 457.5 milliard dollarni tashkil etdi. Jahon bankining biznes yuritishning yengilligi borasidagi indeksi bo‘yicha 2014 yilgi 142 pozisiyadan 2019 yilda 63 o‘ringa ko‘tarildi.

Milliy infratuzilmalarni taraqqiy ettirish rejasi joriy etgan bo‘lib, uning maqsadi odamlarning turmush sharoitini yaxshilashdir. Kelasi besh yil ichida infratuzilmalarga 1.4 trillion dollar sarflash ko‘zda tutilgan. “Udaan” dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun 2024 yilga borib yana 100 ta aeroport qurish kutilmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish rasmiy Dehli oldida turgan ustuvor vazifalardan. Bu maqsadlar yo‘lida 3.1 milliard dollar ajratildi. Xorijlik sarmoyadorlar uchun ayrim davlat obligasiyalari ta’sis etildi. Ta’lim sektoriga 99 milliard dollar ajratildi: tez orada ta’lim sohasida yangi siyosat e’lon qilinadi. 20201 yil martiga kelib 150 ta oliy ta’lim dargohi diplom berish yo‘li bilan kurslarda professional tayyorgarlik jarayonini boshlaydi. Ta’lim tarmog‘i uchun tashqi tijoriy zayomlar va bevosita xorijiy sarmoyalarga ruxsat beriladigan bo‘ldi.Hindistonda ta’lim olish doirasida Osiyo va Afrika mamlakatlari uchun “Ind-SAT” dasturi tasdiqlandi. Endi sanoatning yangi istiqbolli tarmoqlari – analitika, elektronika, robototexnika, bioinformatika va sun’iy intellekt sohasida kadrlar tayyorlanadi. Ko‘nikmalarni rivojlantirish dasturlariga 420 mlrd. dollar ajratilishi nazarda tutilgan, bunda tibbiyot hamshiralari, feldsher va xorijda bemorlarga qaraydiganlar layoqatini oshirish maqsadida maxsus kurslar tashkil etiladi.

IJTIMOIY FAROVONLIKNI MUSTAHKAMLASh

“Ayushman Bharat Healthcare” dasturi — dunyodagi eng yirik tibbiyot sug‘urtasi – aholining 500 million qashshoq qatlamiga mo‘ljallangan bepul tibbiy muolaja. Bundan tashqari, 2022 yilga borib barcha hindlarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida 20 millionta uy qurish rejalashtirilgan. Qashshoqlar uchun 425 ta ijtimoiy ta’minot dasturlari mo‘ljallangan, banklarda 1.2 milliard hind, har bir oilaning“Aadhar” biometrik ma’lumotlari bazasi va hisob raqami ochiladi,1.2 mlrd. inson uchun uyali telefonlar yoqiladi. Ayollarga mo‘jallangan maxsus dasturlarga 3 milliard, katta yoshdagi fuqarolar uchun esa 34 milliard dollar ajratilgan. Atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishini nazorat qilish dasturlariga 72 million dollar ajratilgan.

Soha ekspertlari yaqin o‘n yilda Janubiy Osiyoning bu mamlakati jahonning uchta yirik iqtisodiyotlaridan biriga aylanishini bashorat qilayotganlari ham bejiz emas. Negaki, oxirgi yillarda davlat sanoatni va ilg‘or axborot texnologiyalarini kuchaytirish, eksportni kengaytirish va global integrasiya jarayonlarida faol qatnashish hisobiga jiddiy siljishga qo‘l urdi.

Shunday qilib, bir necha yil ichida Hindiston iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlar orasida eng tez o‘suvchisiga aylanadi. Vaholanki, 2007 yilda 1,2 trillion dollarga teng YAIM bilan Hindiston 12-o‘rinni egallab turgan edi. Albatta, 10 yil ichida iqtisodiy ko‘rsatkichlarni ikki barobarga oshirish hammaga ham emas. 2032 yilga borib, mamlakat Buyuk Britaniya, Germaniya va Yaponiyani ortda qoldirishi mumkin ekan.

Odatda hind iqtisodiyotining o‘sishi demografik omil bilan bog‘lanadi. Bunday vaziyat xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yuzaga keltiradi. Uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 50 foizdan oshib ulgurdi.

Ayni paytda Hindiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ilg‘or eksportchisiga aylandi. Ayniqsa, Xitoy bozorida oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligidan muvaffaqiyatli tarzda foydalanib, Chin bozorini zabt etdi.

Xitoy to‘qimachilik mahsulotlari sezilarli qimmatlashuvi ortidan Hindiston butun dunyoga arzon gazlama mahsulotlarini yetkaza boshladi, ya’ni Xitoy bozorining o‘rinbosariga aylandi. Qaram mamlakatdan mustaqil iqtisodiy yirik davlatga aylanishi quvonarli albatta.

Bu uning global integrasion jarayonlarga faol qo‘shilishi bilan ham izohlanadi. Hindistonning SHHTga a’zo bo‘lishi, shuningdek, YevroOsiyo iqtisodiy hamjamiyatiga a’zo davlatlar bilan erkin savdo zonasini tashkil etish borasidagi muzokaralari iqtisodiyoti kelajagi yo‘lidagi izlanishlardan biridir.

Xalqaro munosabatlarda ham Dehli Janubiy Osiyoning so‘zsiz yetakchisi. Qolaversa, uning boshqa mintaqalarda, xususan, janubi-g‘arbiy va janubi-sharqiy Osiyodagi geosiyosiy ta’siri kuchayib borayotganini ham ta’kidlash o‘rinli. Bunga davlatning o‘sib borayotgan harbiy-siyosiy imkoniyatlari va yadroviy davlat maqomi imkon beradi. Iqtisodiyotning sezilarli ko‘tarilishi, ilg‘or axborot texnologiyalari sohasidagi yetakchilik, yadroviy qurol, yetakchi davlatlar bilan strategik sherikchilik, shu va shu kabi omillar yaqin istiqbolda Hindistonning nafaqat mintaqadagi, balki xalqaro hamjamiyatdagi yetakchilik rolini belgilab bersa ajabmas.

O‘ZBEKISTON VA HINDISTON BIR-BIRIGA TALPINAYOTGAN MAMLAKATLAR

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston va Hindiston o‘zaro munosabatlarini chuqurlashtirish maqsadida bir-biriga talpinayotgan mamlakatlar. Bosh vazir Narendra Modi 2015 yil iyulida va 2016 yil iyunida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Keyingi ikki yil ochida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga amalga oshirgan ikki marotaba tashrifi buning yaqqol tasdig‘idir.

Misol uchun, 2018 yilning oktyabrida Prezidentimizning Hindistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida 17 ta muhim hujjat imzolandi. Ikkinchi tashrif 2019 yil 17-18 yanvar kunlari yuz berdi.

Davlatimiz rahbarining Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuvi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yili oktyabr oyida Hindistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarning amaliy ijrosi bilan bog‘liq masalalar, shuningdek O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbarlari axborot-kommunikasiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, farmasevtika tarmog‘i, zargarlik sanoati, qishloq xo‘jaligi, sayyohlik infratuzilmasini modernizasiya qilish va boshqa yo‘nalishlardagi ustuvor loyihalar va hamkorlik dasturlari amaliy ijrosini jadallashtirish borasida fikr almashdilar. Shuningdek, Prezidentimiz “Jo‘shqin Gujarat” xalqaro sammitida ishtirok etdi. Gujarat shtati qadimdan savdo va tadbirkorlikda yetakchi hudud bo‘lib, mazkur sammit ana shu an’analarni davom ettirishga, zamonaviy Hindistonning biznes ruhini namoyon qilishga xizmat qilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Hindiston bilan uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida qayd etib, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Boz ustiga, yuqori martabali rasmiylarning tashriflari ham amalga oshdi. Xususan, 2019 yilning yanvarida Afg‘oniston ishtirokida Samarqandda “Hindiston-Markaziy Osiyo” ilk muloqoti o‘tkazildi. O‘tgan yil oktyabrida Gujarat shtatining bosh vaziri, janob Rupani 50 kishidan iborat biznes delegasiya tarkibida tashrif buyurdi. O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 2019 yil noyabrida, tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 2020 yil yanvarda Hindistonga safar qildi.

KREDIT LINIYALARI VA SUBSIDIYALAR

Hindiston mamlakatimizdagi infratuzilmalari ta’mirlash va boshqa maqsadlar uchun 1 milliard AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratishini e’lon qildi. Uning doirasida qiymati 448 million dollarga teng bo‘lgan 4 ta loyiha yo‘llar, kanalizasiya tizimlari, “aqlli o‘quv xonalari” tashkil etish uchun yo‘naltiriladi. Ijtimoiy infratuzilma loyihalarni rivojlantirish sohasida qiymati 30 million dollarga teng loyihalar subsidiyalanadi. 2020 yil fevralida “Hindiston-Markaziy Osiyo” birinchi ishbilarmonlik kengashi doirasida imtiyozli savdo kelishuvlariga, sarmoyalarni himoya qilish haqidagi ikki tomonlama shartnomalarga erishildi. Hind kompaniyalarining sarmoyalari ham sezilarli. Ular orasida 20 dan ziyod hind farmasevtik kompaniyalari, ko‘ngilochar parklar, shuningdek, sayyohlik sanoati kompaniyalarining o‘rni alohida.“NTPC” kompaniyasi — Hindistonning yirik energetik kompaniyasi bo‘lib, quyosh energiyasini qo‘llash bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.

TA’LIM, TAYYORLASh VA SALOHIYATNI OSHIRISh

O‘tgan ikki yil ichida Toshkentda “Amity” universiteti va Andijonda “Sharda” universiteti ochildi. Shu bilan birga, Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi, janob Santosh Janing aytishicha, “Sharda” qoshida kasalxonasi bilan birga tibbiyot kolleji ochish taklifi berilgan.1993 yildan beri “ITEC” dasturi doirasida 2200 nafardan ziyod qatnashchi Hindistonda ta’lim oldi. Termizda Afg‘oniston fuqarolari uchun tibbiyot hamshirasi, ginekologiya, akusherlik yo‘nalishida o‘quv markazi tashkil etildi.

Harbiy hamkorlik masalalari bo‘yicha ham qo‘shma ishchi guruhning birinchi yillik uchrashuvi o‘tkazildi. Shu maqsadda 2019 yil noyabrida Hindiston mudofaa vaziri Rajnatx Sinkxning O‘zbekistonga tashrifi amalga oshdi. Harbiy tibbiyot sohasida bitim imzolandi. Harbiy ta’lim sohasida ham hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. 2019 yil 4-14 noyabr kunlari Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida birinchi “Dustlik 2019” qo‘shma mashqlar o‘tkazildi.

2020 yil – O‘zbekistonda Hindiston madaniyati yili deb e’lon qilindi. Uning doirasida hind filmlarining festivali, Bollivud raqslari – musiqali kechalar, sufizm olimlarining konferensiyasi va sufiy yo‘nalishidagi vakillarning musiqali chiqishlari, yoshlar va jurnalistlar delegasiyalarining tashriflari, Buddizm merosining ko‘rgazmasi, fan va texnologiyalar sohasida erishilgan yutuqlar borasida ko‘rgazma va seminarlar o‘tkaziladi.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston-Hindiston do‘stligi va hamjihatligi mintaqalararo hamkorlikka, tinchlik va barqarorlik ishiga xizmat qiladi.

Manba: uza.uz

Kiritildi: 05:45 10.03.2020. O'qildi: 4665 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!