Nufuzli insayder Fabrisio Romano "Chelsi" sobiq ustozi Enso Mareska murabbiylik faoliyatini qayerda davom ettirishi mumkinligi haqida gapirib berdi.
"Mareska — Gvardiola ketgan taqdirda "Manchester Siti" short-listidagi birinchi raqamli nomzod hisoblanadi. "Tottenxem" deysizmi? "Shporlar"ga kelsak, bu borada menda hech qanday ma’lumot yo‘q", — dedi insayder o‘zining YouTube-kanalida.
Eslatib o‘tamiz, Gvardiolaning "shaharliklar" bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Mareska 2022/2023 yilgi mavsumda "Manchester Siti"da Pepning assistenti bo‘lib ishlagan.
Angliya Premyer-ligasining joriy mavsumida "shaharliklar" ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. "Manchester Siti" peshqadam "Arsenal"dan to‘rt ochko ortda qolmoqda.