5 yil davomida AQSh terma jamoasi tarkibida dona surgan grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonova bundan buyon yana O‘zbekiston nomidan ishtirok etishi e’lon qilindi.
U bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Gulruhbegim yurtimizga qaytib keldi.
«Gap pulda yoki va’dalarda emas, men doim Vatanimiz bayrog‘i ostida qatnashishni xohlaganman. Lekin orada shunday davr bo‘ldiki, ketishga majbur bo‘ldim. Agar men O‘zbekistonda muhit o‘zgarganini, shaxmat federasiyasida sportchilarga e’tibor paydo bo‘lganini his qilmaganimda qaytmas edim», — dedi Gulruhbegim.
Ma’lumot uchun: Gulruhbegim Tohirjonova shu paytgacha AQSh terma jamoasining 1-raqamli shaxmatchisi edi. 2023 yilda AQShda «Yilning eng yaxshi ayol shaxmatchisi» deb topilgan.
E’tiborlisi, oxirgi ikkita Olimpiada davomida AQSh va O‘zbekiston o‘zaro duch kelganda Gulruhbegim o‘z yurtdoshlariga qarshi dona surishdan bosh tortgandi.