Bugun 16 noyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

G‘olibof: "Tehron o‘z shartlarini ilgari surdi, endi navbat Vashingtonga"

G‘olibof: "Tehron o‘z shartlarini ilgari surdi, endi navbat Vashingtonga"

Eron Hormuz bo‘g‘ozini ochish va muzokaralarni qayta boshlash uchun bajarilishi zarur bo‘lgan yetti shart yuzasidan AQShning rasmiy javobini kutmoqda.

Bu haqda Eron parlamenti raisi Muhammad-Boqir G‘olibof ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron o‘z pozisiyasini Qatar vositachilari orqali Vashingtonga yetkazgan, biroq Amerika tomoni hozircha aniq javob taqdim etmagan.

«Endi navbat Vashingtonda», — deb ta’kidlagan G‘olibof.

Eronning asosiy talablari qatoriga iqtisodiy va neft embargosini bekor qilish, Eron aktivlarini muzdan tushirish, Tehronga ittifoqchi kuchlar bilan bog‘liq mojarolarni ham o‘z ichiga olgan barcha frontlardagi harbiy harakatlarni to‘xtatish, shuningdek, mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslik kiradi.

G‘olibofning ta’kidlashicha, ushbu shartlarning bajarilishi tomonlar o‘rtasida ishonchni tiklash va to‘laqonli muzokaralarga o‘tish uchun zarur.

Uning aytishicha, vositachilar AQSh javobini kutish muddatini yetti kundan ikki kungacha qisqartirishga erishgan.

«Amerikaliklar Moskvaga borib, biz o‘rtamizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar tashkil etish maqsadida Rossiya prezidenti Vladimir Putindan Eron bilan gaplashishni so‘rashdi», — dedi u.

Shuningdek, G‘olibof kelishuvga erishishga Tehronning Vashingtonga nisbatan ishonchsizligi va AQShning haddan tashqari yuqori talablarni ilgari surishga urinayotgani to‘sqinlik qilayotganini qo‘shimcha qildi.

Eron delegasiyasi rahbari AQSh yoki Isroil tomonidan yangi hujum amalga oshirilgan taqdirda, Tehron kuch bilan javob qaytarishini ham ogohlantirdi.

Uning ta’kidlashicha, Eron mudofaa salohiyatini mustahkamlagan va mojaroning yanada keskinlashishi ehtimoliga tayyor.

Kiritildi: 10:10 12.11.2026. O'qildi: 622 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik