Bavariyada murakkab iqtisodiy vaziyat va tarkibiy o‘zgarishlar tufayli metallga ishlov berish va elektrotexnika sanoatida taxminan 30 000 ish o‘rni qisqartirilishi mumkin.
Bu haqda Die Zeit gazetasi IG Metall kasaba uyushmasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Tashkilotning mintaqaviy bo‘limi rahbari Xorst Ott Bavariyada faoliyat yuritayotgan kompaniyalar 32 000 ta ish o‘rnini qisqartirishni boshlaganini yoki e’lon qilganini ta’kidladi. Faqat avtomobilsozlik sanoatida ishdan bo‘shatish kompaniyalarning 54 foiziga ta’sir qiladi.
Shu bilan birga, atigi 3000 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Mudofaa sektorini rivojlantirish hali muammoni hal qila olmaydi, dedi Ott. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, avtomobilsozlik sohasidagi har 10 ta ishdan bo‘shatish uchun mudofaa sektorida atigi bitta yangi ish o‘rni yaratiladi.