Germaniya razvedkasining sobiq rahbari josuslikda gumon qilinib hibsga olindi. U lavozimidan ketganidan so‘ng har yili bir marta Rossiyaga borgan.
Germaniya Federal prokuraturasi Germaniya Federal razvedka xizmatining (BND) sobiq rahbari Avgust Hanningni josuslik va davlatga xiyonatda gumon qilib hibsga olgani ma’lum qildi. Hanning bilan birgalikda uning apparati sobiq rahbari Manfred D. ham qo‘lga olingan.
Hanning 1998–2005 yillarda BND rahbari lavozimida ishlagan. Prokuratura taxminiga ko‘ra, u lavozimini tark etgach, 2010 yilda Manfred D. bilan pul mukofoti evaziga BND'dan ma’lumotlarni unga uzatib turishi haqida kelishib olgan.
Olingan hujjatlardan Hanning o‘sha vaqtda shug‘ullangan xususiy konsalting faoliyatida foydalanmoqchi bo‘lgan. O‘sha paytdan to 2022 yilgacha u shu yo‘l orqali ikki mingga yaqin hujjatni olgan, ularning ko‘pchiligi maxfiy bo‘lgan.
The Insider nashrining aniqlashicha, Hanning BND'dan ketganidan so‘ng Rossiyaga kamida yetti marta borgan. Ularning barchasi 2015 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi. U Moskvaga o‘rtacha bir yilda bir marta safar qilgan.
"Bu safarlarning ba’zilari bir sutkadan ham kamroq davom etgan. Hanning Moskvaga kechqurun uchib kelib, ertasi kuni qaytib ketgan. Masalan, 2016 yilning yozida u 6 iyul kuni kechqurun Myunxendan Moskvaga uchib kelgan, 7 iyul kunduzi esa Berlinga qaytib ketgan. Yana bir shunday safar (bu safar Germaniya poytaxtidan va orqaga) 2019 yilning may oyida amalga oshirilgan", deyiladi surishtiruv materialida.