Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Ali Abdullohiy Eron asimmetrik urush taktikasi orqali AQSh va Isroilga qarshi samarali qarshilik ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Tasnim News xabar berishicha, general Abdullohiy yakshanba kuni o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqib, dushman hozirda Eronga qarshi «keng qamrovli gibrid, yumshoq va kognitiv urush» olib borayotganini aytgan.
Uning ta’kidlashicha, amerikaliklar 80 yildan ortiq vaqt davomida deyarli hech bir davlatdan «yo‘q» degan javobni eshitmagan. Shu sababli ular Eron xalqi mamlakatga qarshi agressiv urush boshlanishidan oldinyoq taslim bo‘ladi, deb noto‘g‘ri hisoblagan.
«Bu xayol hech qachon amalga oshmaydi», — dedi general.
Abdullohiyning fikricha, AQSh va Isroil o‘zlarining strategik kamchiliklari va muvaffaqiyatsizliklarini yumshatish uchun yumshoq va kognitiv urush, shuningdek, iqtisodiy bosimdan foydalanishga urinmoqda. Biroq u Eron xalqining jasorati va mamlakat rahbariyatining donoligi tufayli dushman bu yo‘nalishlarda ham muvaffaqiyatsizlikka uchrashini aytdi.
Eronning yuqori lavozimli qo‘mondoni mamlakat Qurolli kuchlari AQSh va Isroilga asimmetrik tarzda qarshi turish hamda mavjud tahdidlarga qaramay tashabbusni saqlab qolish imkoniyatiga ega ekanini ta’kidladi.
General Abdullohiyning aytishicha, Eron Islom Respublikasi dunyoga qarshilik ko‘rsatishning yangi modelini taqdim etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajakdagi dunyo o‘tmishdagidan farq qiladi, bu o‘zgarishlar Eron xalqi manfaatiga xizmat qiladi va AQSh qudratining pasayishi bilan birga kechadi.