Isroil kuchlarining G‘azo sektorida amalga oshirgan artilleriya hujumi natijasida ikki falastinlik halok bo‘ldi. Hujum G‘azo markazidagi Dayr al-Balax shahrida ro‘y berdi.
Sog‘liqni saqlash manbalari ma’lum qilishicha, Isroil armiyasi Dayr al-Balaxning sharqiy qismidagi Kastal binosi atrofini artilleriyadan o‘qqa tutgan. Hujum natijasida ikki falastinlik aka-uka — Said va Masud al-G‘avash halok bo‘lgan.
Mahalliy manbalarga ko‘ra, marhumlar “sariq chiziq” deb ataluvchi hududni kesib o‘tishgan. Ushbu chiziq otishmalarni to‘xtatish kelishuvidan so‘ng Isroil qo‘shinlari chekingan chegarani anglatadi. Biroq hududda chegarani belgilaydigan aniq belgilari yo‘qligi sababli, ular xato ravishda bu yerga kirib qolishgan.
Isroil armiyasi bu turdagi hududlarga yaqinlashgan yoki tasodifan “sariq chiziq”ni kesib o‘tgan fuqarolarga, shu jumladan, falastinlik tinch aholi va transport vositalariga nisbatan og‘oxlantirishsiz o‘q ochishi bilan tanilgan.
— G‘azoda sulh va asirlarni almashish kelishuvi
Avvalroq, 9 oktyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil va HAMAS o‘rtasida Misrda o‘tkazilgan muzokaralar natijasida G‘azo bo‘yicha otishmalarni to‘xtatish rejasining ilk bosqichi bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilgan edi.
Kelishuv 10 oktyabr kuni Isroil hukumati tomonidan ma’qullanganidan so‘ng kuchga kirgan va shu kuni soat 12:00 dan e’tiboran amal qila boshlagan.
Shu bilan birga, otishmalarni to‘xtatish kelishuviga qaramasdan, Isroil armiyasi turli bahonalar bilan vaqt-vaqti bilan falastinlik aholiga qarshi hujumlar uyushtirishda davom etmoqda.