Bugun 24 oktyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Gaz ta’minotidagi qonunbuzilishlar: respublika bo‘ylab o‘tkazilgan reydlar natijasi

Gaz ta’minotidagi qonunbuzilishlar: respublika bo‘ylab o‘tkazilgan reydlar natijasi

Joriy kuz-qish mavsumida mamlakatimizda tabiiy gaz tarmoqlariga ulanmagan hududlar aholisini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 12 sentyabrdagi «Aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini isloh qilish va bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan sohani isloh qilish, gaz resurslaridan samarali foydalanish va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashning aniq mexanizmlari belgilab berilgan.

Lekin, xalq manfaatidan ko‘ra shaxsiy manfaatini ustun qo‘ygan ayrim soha xodimlari ba’zi fuqarolar bilan til biriktirib, davlat tomonidan ajratilgan gaz ballonlarini asossiz ravishda qimmat narxlarda sotib, daromad topishga urinishmoqda.

Ana shunday salbiy holatlarga chek qo‘yish hamda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning manzilliligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda «O‘zenergoinspeksiya» xodimlari tomonidan joylarda reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Joriy yilning 19–21 oktyabr kunlari respublika bo‘yicha 120 dan ortiq holat fosh etilib, shundan 39 ta holatda gaz idoralari xodimlarining bevosita aloqadorliklari aniqlandi. Tadbirlar davomida noqonuniy muomalada bo‘lgan 3 mingdan ziyod gaz ballonlari va ularda saqlanayotgan 13 636 kg suyultirilgan gaz mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olindi.

Xususan, Jizzax viloyatida jami 9 ta holatda 239 ta gaz balloni sotish maqsadida noqonuniy saqlab kelinayotganligi fosh bo‘ldi. Jumladan, muqaddam Zomin tumangaz ta’minot bo‘limida yuqori lavozimlardan birida ishlagan shaxs o‘zining qarindoshiga tegishli xonadonda 152 ta gaz ballonini yashirincha saqlab kelgan. Qo‘shni Sirdaryo viloyatida ham shu kabi holatlar aniqlanib, birgina Xovos tumangaz bo‘limi mansabdorlaridan birining uyidan hech bir hujjatlarsiz saqlanayotgan 30 dona gaz balloni olindi.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Urgut tumangaz to‘ldirish shoxobchasi qorovuli gaz bilan to‘ldirilgan 3 dona ballonni 2,5 mln so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Viloyatning Pastdarg‘om tumanida yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadoni ko‘zdan kechirilganda esa, ushbu manzilda gaz bilan to‘ldirilgan 22 ta ballon borligi ma’lum bo‘ldi. Aniqlanishicha, u gaz ballonlarini tumangaz bo‘limi haydovchisidan 70 ming so‘mdan sotib olib, fuqarolarga 100 ming so‘mdan sotish bilan shug‘ullangan.

Farg‘ona viloyatida ham hamkorlikdagi reyd tadbirlari o‘tkazilib, Qo‘shtepa tumangaz bo‘limi muhandisi hamda chilangari aholi uchun mo‘ljallangan 8 ta gaz ballonlarini o‘z yashash xonadonlarida noqonuniy sotish maqsadida saqlab kelayotganliklari fosh etildi.

Mamlakatimizning janubiy mintaqasi hisoblangan Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan reyd tadbirlarida noqonuniy saqlovda bo‘lgan jami 65 ta gaz balloni tegishli tartibda hujjatlashtirildi. Jumladan, Bandixon tumanida yashovchi 39 yoshli fuqaro tumangaz bo‘limi haydovchisidan 70 ming so‘mdan sotib olgan 32 ta gaz ballonini iste’molchilarga qimmat narxlarda sotib, mo‘may daromad topmoqchi bo‘lgan.

Navoiy viloyatining Xatirchi tumangaz bo‘limi haydovchisining uyidan ham jami 26 ta gaz balloni prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Bu kabi noqonuniy holatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Namangan va boshqa viloyatlarda ham aniqlandi.

Ta’kidlash lozim, ushbu yo‘nalishdagi reyd tadbirlari Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa mutasaddi idoralar hamkorligida muntazam ravishda o‘tkazib boriladi hamda qonunbuzarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.

Hurmatli fuqarolar, aholi uchun mo‘ljallangan suyultirilgan gaz bilan bog‘liq noqonuniy holatlarga duch kelsangiz, Davlat xavfsizlik xizmati Call-markazining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.

Kiritildi: 17:46 23.10.2026. O'qildi: 445 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!