Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Fransiyalik futbolchi o‘zi o‘ylab topgan o‘yin loyihasini 26 mln yevroga sotmadi — The Athletic

Fransiyalik futbolchi o‘zi o‘ylab topgan o‘yin loyihasini 26 mln yevroga sotmadi — The Athletic

AQShning “Sharlott” klubi hujumchisi Allan Sen-Maksimen o‘zi ishlab chiqqan stol o‘yinini to‘liq sotib olish bo‘yicha tushgan 26 million yevrolik taklifni rad etdi. Fransiyalik futbolchi loyihani bir yo‘la sotishdan ko‘ra, investorlarni jalb etish va uning rivoji uchun yangi ish o‘rinlari yaratishni ma’qul ko‘rmoqda.

The Athletic nashriga bergan intervyusida Sen-Maksimen futbolchilik faoliyatidan tashqari shug‘ullanayotgan loyihasi — “Helios” nomli stol o‘yini haqida so‘zlab berdi.

Futbolchi ushbu loyihani noldan yaratish va uning qoidalarini ishlab chiqish uchun qariyb ikki yarim yil vaqt sarflagan. Qadimgi yunon mifologiyasiga asoslangan o‘yinda Zevs, Afina kabi afsonaviy qahramonlar ishtirok etadi. Unda strategiya, kartalar va o‘yin kubiklaridan foydalaniladi. G‘alaba qozonish uchun o‘yinchilar tangalar ishlab topishi yoki ularni raqiblaridan tortib olishi kerak.

Newcastle star Allan Saint-Maximin launches own BOARD GAME based on Greek  gods as fans invited to compete for cash prize

Sen-Maksimen o‘z loyihasini 2022 yilning yanvar oyida rasman ommaga taqdim etgan. Bugungi kunda “Helios” nafaqat an’anaviy stol o‘yini, balki App Store tarmog‘ida mobil ilova (Helios The Game — tahririyat) ko‘rinishida ham mavjud.

Loyiha rivojlanib, ommalashganidan so‘ng uni to‘liq sotib olish uchun 26 million yevro taklif qilingan. Biroq futbolchi bu taklifga rozi bo‘lmagan. Uning fikricha, loyihani butunlay sotishdan ko‘ra, xususiy investisiya kompaniyalarini jalb qilish va ularga biznesdagi ulushni taklif etish ma’qul. Bu orqali o‘yinni yanada rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish mumkin.

Sen-Maksimen Yaqin Sharqdagi faoliyati davomida yetarlicha mablag‘ ishlab topgani sababli bunday takliflar uni unchalik qiziqtirmasligini ham yashirmadi.

“Saudiya Arabistonidagi uch yil davomida 45 million yevro sof daromad topganman. Shu sababli 26 million yevrolik taklif meni hayratga solmaydi. Balki bir milliard yevro taklif qilishganida, bu haqda gaplashishimiz mumkin edi. Ammo bunga hali ancha bor!” deydi futbolchi.

Ma’lumot uchun, 29 yoshli vinger 2019 yilda “Nissa”dan “Nyukasl”ga 18 million yevro, 2023 yilda esa “Al-Ahli”ga 27 million yevro evaziga transfer qilingan. Keyinchalik u “Fenerbahche”, Meksikaning “Amerika” va Fransiyaning “Lans” klublarida ham to‘p surgan. Hozirgi paytda futbolchi AQShning “Sharlott” klubi sharafini himoya qilmoqda.

Kiritildi: 14:22 09.11.2026. O'qildi: 861 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik