Bugun 30 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

Fransiyadagi namoyishlar vaqtida qariyb 1200 nafar polisiya xodimi jabrlandi

Fransiyadagi namoyishlar vaqtida qariyb 1200 nafar polisiya xodimi jabrlandi

Fransiya bo‘ylab sentyabr oyi o‘rtalaridan bugungi kunga qadar davom etgan keng ko‘lamli namoyishlar vaqtida 1193 nafar polisiyachi va jandarm jarohat olgan.

Bu haqda Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunyes matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, jamiyat vakillari, shuningdek, o‘quvchilar hamda maktab xodimlarining ommaviy norozilik namoyishlari tartibsizlik, zo‘ravonlik, vandalizm va talonchilik bilan kechgan. Bu jarayonda huquq-tartibot idoralari xodimlari turli jarohatlar olgan, biroq ularning aksariyati og‘ir bo‘lmagan.

Qayd etilishicha, ko‘cha namoyishlari ishtirokchilari polisiyachilarga toshlar va petardalar otgan, hatto tomlardan ularning ustiga kamin mo‘rilarini ham tashlagan.

Nunyes shanba kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdagi namoyishlar munosabati bilan Fransiya Ichki ishlar vazirligi kuch va vositalarni safarbar etishini ma’lum qildi. Ushbu choralar doirasida maxsus bo‘linmalar, otliq guruhlar, kinologlar, shuningdek, dronlar, vertolyotlar va bronetransportyorlar jalb etiladi.

«31 oktyabr kuni 70 ming nafar polisiyachi va jandarmni safarbar etish rejalashtirilgan. Bu 24 oktyabrdagi kabi favqulodda operasiya hisoblanadi», — deya izoh berdi vazir. U shahar markazlarida ommaviy yig‘ilishlar o‘tkazishga nisbatan amaldagi taqiq saqlanib qolayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Ta’kidlash joizki, «Sariq nimchalar» harakati hamda yuqori sinf o‘quvchilari va universitet talabalarining kasaba uyushmalari shanba kuni yangi umummilliy ijtimoiy safarbarlik kunini o‘tkazishga chaqirgan. Namoyishlar, xususan, hayot qiymatining oshishiga qarshi qaratilgan bo‘lib, ushbu sana Xellouin bayramiga to‘g‘ri keladi.

Kiritildi: Bugun 09:05. O'qildi: 286 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!