Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunes 164 kishi hibsga olinganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, namoyishlar vaqtida 12 nafar yuqori sinf o‘quvchisi, uch nafar maktab direktori va ta’lim muassasaning 5 nafar xodimi, shuningdek, 12 nafar ichki xavfsizlik kuchlari xodimi jabrlangan.
Mamlkatning turli hududlarida, ayniqsa Il-de-Frans mintaqasida, o‘quvchilar resurslar va o‘qituvchilar yetishmasligiga qarshi norozilik bildirib, maktablarni blokladi. Nunesning so‘zlariga ko‘ra, 28 sentyabr kungi namoyishlar qariyb 180 ta maktabni qamrab olgan. Shulardan 27 tasi to‘liq bloklab qo‘yilgan, oqibatda hududlarga polisiya yetib borgan. Namoyishlar vaqtida polisiya bilan to‘qnashuvlar yuz bergan.
BFMTV telekanali xabariga ko‘ra, noroziliklar hanuz davom etmoqda. Parijda ham yuqori sinf o‘quvchilari “qiyin vaziyatda qolgan maktablar bilan birdamlik ramzi sifatida” namoyish o‘tkazmoqda.
Lill shahrida esa vaziyat yanada keskinlashgan. Bir guruh odamlar Sezar Bajio nomidagi maktabga kuch bilan kirishga uringach, voqea joyiga huquq-tartibot xodimlari yuborilgan. Namoyishchilarning kichik bir guruhi polisiyaga turli buyumlar, jumladan toshlar uloqtira boshlagan, shundan so‘ng polisiya ularni tarqatishga kirishgan.
Noroziliklarga universitet talabalari ham qo‘shilishni boshladi. BFMTV ma’lumotiga ko‘ra, Lill yaqinidagi Vilnev-d’Ask shahridagi Pon-de-Bua kampusi talabalar tomonidan bloklangan. Tuluzadagi Pol Sabate universitetida ham talabalar o‘z talablarini ilgari surib, shunga o‘xshash aksiya o‘tkazmoqda.