Flaydubai aviakompaniyasi reysi ekipaji dastlab favqulodda vaziyatni anglatuvchi 7700 kodini yuborgan. Biroz vaqt o‘tgach, ekipaj 7500 kodini, ya’ni samolyotga noqonuniy aralashuv yoki uni olib qochishga urinish holatini bildiruvchi signalni uzatgan. Shundan so‘ng Isroil harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarilib, yo‘lovchi samolyoti tomon yo‘naltirilgan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Israel Kas favqulodda maslahatlashuv o‘tkazgan.
Samolyot bortida 180 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan, ularning 100 nafari Isroil fuqarolari edi. Oradan biroz vaqt o‘tib, samolyot yo‘nalishini o‘zgartirib, Saudiya Arabistoni tomon parvoz qilgan. Samolyot bilan aloqa uzilgan paytda u Tabuk aeroporti yaqinida kuzatilgan. Ko‘p o‘tmay, samolyot aeroportga xavfsiz qo‘ngan.
Isroil xavfsizlik xizmatidagi manbalarga ko‘ra, favqulodda holat signalining uzatilishi samolyot uchuvchilari o‘rtasidagi janjal bilan bog‘liq. Ammo boshqa tafsilotlar oshkor etilmagan. Isroil Mudofaa kuchlarining yuqori martabali qo‘mondonlari hozirda vaziyatni baholamoqda.
Isroilning 12-kanali xabar berishicha, ushbu samolyot uchuvchilarining biri rossiyalik, biri ukrainalik bo‘lgan. Boshqa manbalarda ta’kidlanishicha, uchuvchilardan biri o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan. Ushbu versiyaga ko‘ra, uchuvchi samolyotni 30 ming fut balandlikdan keskin pasayishga yo‘naltirgan, ikkinchi uchuvchi esa u bilan kurashgan va aviahalokatning oldini olishga muvaffaq bo‘lgan.