O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi mavsumi boshlandi.
Mavsum davomida mehnat qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash, majburiy va bolalar mehnatining oldini olish maqsadida tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Davlat mehnat inspeksiyasining ma’lum qilishicha, tashkil etilgan ishchi guruhlar paxta yig‘im-terimi jarayonlarida mehnat qonunchiligi talablariga rioya etilishini monitoring qilib bormoqda.
Nazorat jarayonlarida ishchilarning mehnat huquqlari va qonuniy manfaatlari ta’minlanishi, mehnat munosabatlarining belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi, ish vaqti va dam olish tartibiga hamda mehnatga haq to‘lash talablariga rioya etilishiga e’tibor qaratilishi belgilangan.
Inspeksiya ish beruvchilar va fermer xo‘jaliklariga paxta yig‘im-terimi davomida fuqarolarni majburan mehnatga jalb qilmaslik hamda bolalar mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ogohlantirgan.
Ota-onalarga esa farzandlarining ta’lim olishiga sharoit yaratish va o‘quvchilarni paxta yig‘im-terimiga jalb qilmaslik tavsiya etilgan.