Janubiy Koreya Ukraina Rossiya-Ukraina urushi davomida asirga olingan ikki nafar Shimoliy Koreya harbiy xizmatchisining Janubiy Koreyaga topshirilganini ommaga oshkor qilgani uchun Kiyevdan rasmiy uzr va tushuntirish talab qildi.
Janubiy Koreya prezidenti matbuot kotibi Son Gi Xonning ma’lum qilishicha, Seul va Kiyev harbiy xizmatchilarni topshirish masalasi bo‘yicha maxfiylik to‘g‘risida kelishuvga erishgan. U ma’lumotning ommaga ochiqlanganidan «chuqur afsus» bildirgan.
Janubiy Koreya tomoni Ukrainadan rasmiy uzr va voqea yuzasidan tushuntirish kutayotganini bildirdi. Shuningdek, Seul Kiyevning maxfiylik bo‘yicha hech qanday kelishuv bo‘lmagani haqidagi da’volarini rad etdi.
Son Gi Xonning ta’kidlashicha, ushbu holat ikki davlat hukumati o‘rtasidagi ishonchga «jiddiy tahdid» tug‘dirmoqda.
23 sentyabr kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida so‘zlagan nutqida ikki nafar shimoliy koreyalik harbiy 2025 yil boshida asirga olingani va keyinchalik Janubiy Koreyaga topshirilganini ma’lum qilgan edi.
Shu tariqa, ikki tomon voqea yuzasidan turlicha pozisiya bildirmoqda: Seul Ukraina maxfiylik kelishuvini buzganini ta’kidlamoqda, Kiyev esa bunday kelishuv mavjud bo‘lganini inkor etmoqda.