Fransiya bosh vaziri Sebastyan Lekornyu ommaviy tartibsizliklar, o‘t qo‘yishlar, do‘konlarni talash va polisiya bilan to‘qnashuvlardan keyin ayrim hududlarda mahalliy komendantlik soatini joriy etishni buyurdi. Bu haqda «Bild» nashri xabar berdi.
Bosh vazir prefektlarga shaharlarning ayrim qismlarida harakatlanishni cheklash bo‘yicha choralar ko‘rishni topshirgan. Bu choralar yangi tartibsizliklar va talonchiliklarning oldini olishga qaratilgan. Hozircha qaysi shaharlarda cheklovlar joriy etilishi va ular qancha davom etishi ma’lum qilinmagan.
2026 yil 17 oktyabrda Fransiyada turmush darajasi, yoqilg‘i narxlari va ta’lim tizimidagi muammolarga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi.
Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarda taxminan 550 ming kishi qatnashgan. Tashkilotchilar esa ishtirokchilar soni 800 mingga yaqin bo‘lganini bildirgan.
Namoyishlarga maktab o‘quvchilari, talabalar, kasaba uyushmalari va «sariq nimchalilar» harakati vakillari qo‘shilgan. Bir qator shaharlarda vaziyat keskinlashib, polisiya bilan to‘qnashuvlar, o‘t qo‘yishlar, vandalizm va talonchilik holatlari kuzatilgan. Eng murakkab vaziyat Parij, Marsel, Lion, Lill va Bordo shaharlarida yuzaga kelgan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv to‘plaridan foydalangan. Dastlabki xabarlarda yuzlab odamlar hibsga olingani, keyingi ma’lumotlarda esa bu raqam 1 200 nafardan oshgani aytilgan. Shuningdek, taxminan 150 nafar huquq-tartibot idoralari xodimi jarohatlangani bildirilgan.
Bosh vazir Sebastyan Lekornyu zo‘ravonlik va talonchilikni qoralab, tinch namoyishlar o‘tkazish mumkinligini, biroq o‘t qo‘yish va do‘konlarni talashga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan.