Aksiyaga Fransiyadagi «Milliy birlashuv» partiyasi deputati Jan-Filipp Tangi bayonotlari sabab bo‘ldi. U Marin Le Pen prezidentlik saylovida g‘alaba qozonsa, jamoat joylarida islomiy hijob kiyishni taqiqlash taklif etilishini aytgan.
Tangi bunday chora ayollarni himoya qilishga qaratilganini ta’kidlab, hijob taqqanlik uchun jarima solinishini bildirgan.
Bayonot siyosatchilar, huquq himoyachilari va fuqarolik jamiyati vakillarining tanqidiga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda musulmon bo‘lmagan ayollarning hijob kiyib, ehtimoliy taqiqqa qarshi chiqishini aks ettirgan videolar tarqala boshladi.
«Men nasroniyman, ammo opa-singillarimni qo‘llab-quvvatlayman», — deb yozgan aksiya ishtirokchilaridan biri.
Boshqa bir foydalanuvchi esa: «Ular bizga hijobni taqiqlamoqchimi? Unda biz yanada ko‘payamiz», — deb yozgan.
Ayrim ishtirokchilar 2027 yilda musulmon bo‘lmagan ayollarni ham ro‘mol o‘rashga chaqirib, bu orqali taqiqni «chalg‘itish»ni taklif qilgan. Boshqa bir ishtirokchi esa qonun qabul qilinsa, hijob kiyishini bildirgan.