Fransiyada 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan ommaviy norozilik namoyishlari davomida 448 kishi qo‘lga olindi.
Bu haqda Fransiya Ichki ishlar vazirligi bayonotida ma’lum qilingan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim joylarda tartibsizliklar bilan kechgan namoyishlar davomida huquq-tartibot idoralarining 53 nafar xodimi jarohat olgan.
Kechga borib, namoyishlarning aksariyati jiddiy hodisalarsiz yakunlangan. Biroq Renn, Marsel, Nant, Lion, Bordo va Strasburg kabi bir qator shaharlarda radikal kayfiyatdagi guruhlar ishtirokida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibbuzarlar polisiya xodimlariga turli buyumlarni otgan va pirotexnika vositalaridan foydalangan.
Eng jiddiy hodisalar Tuluza shahrida qayd etilgan. Strasburgda esa namoyish vaqtida tartibsizliklarga qarshi kurash bo‘linmasi xodimi tasvirlangan qo‘g‘irchoq yoqib yuborilgan. Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunyes ushbu hodisa bo‘yicha ma’lumotlarni tegishli organlarga yuborishni topshirgan.
Vazirlik baholashicha, mamlakat bo‘ylab namoyishlarda qariyb 575 ming kishi ishtirok etgan, shundan 65 ming nafari Parijda bo‘lgan. Shu bilan birga, Umumiy mehnat konfederasiyasi (CGT) namoyishchilar soni ancha ko‘p — taxminan 1,57 million nafarni, jumladan, poytaxtda 350 ming kishini tashkil etganini ma’lum qilgan.
Bir kun davomida Fransiya bo‘ylab jami 193 ta norozilik aksiyasi o‘tkazilgan. Ish tashlash va namoyish ishtirokchilari ish haqini oshirishni hamda hukumatning qo‘shimcha tejamkorlik choralaridan voz kechishini talab qilmoqda.