AQSh prezidenti Donald Tramp Fransiyada ommaviy namoyishlar va tartibsizliklar fonida mamlakat chegaralarini yopishga chaqirdi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
«Fransiya yonmoqda! Butunlay boshqa dunyodan kelgan, qalbi nafratga to‘la odamlarning migrasiyasi bir vaqtlar buyuk bo‘lgan mamlakatni vayron qildi. (...) Hali kech bo‘lmasidan vaziyatni nazoratga oling», — deb yozdi Tramp.
Avvalroq Parij va Fransiyaning boshqa shaharlarida keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tgan edi. Ularda bir necha haftadan beri norozilik bildirib kelayotgan yuqori sinf o‘quvchilari va talabalar, shuningdek, so‘l radikal faollar, «Sariq nimchalar» harakati tarafdorlari, taksichilar, hamshiralar, qurilish sohasi xodimlari va kasaba uyushmalari vakillari ishtirok etgan.
Namoyishchilar turmush qiymatining oshishi va narxlar ko‘tarilishiga qarshi norozilik bildirgan.
Aksiyalar davomida huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan jiddiy to‘qnashuvlar, tartibsizliklar, do‘konlarni vayron qilish va vandalizm holatlari kuzatilgan. Radikal kayfiyatdagi yoshlar do‘konlarni buzib, binolarga o‘t qo‘ygan. Polisiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, shovqinli granatalar va suv purkagichlardan foydalangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab namoyishlarda 550 ming kishi ishtirok etgan. Qo‘lga olinganlar soni 2000 nafarga etgan. 600 nafardan ortiq xavfsizlik kuchlari xodimlari va o‘t o‘chiruvchilar jarohatlangan.