Fransiya yadro tashishga mo‘ljallangan M51.3 strategik ballistik raketasini ilk sinovdan o‘tkazdi. 6 oktyabr kuni o‘tkazilgan sinovni mamlakat prezidenti Emmanuel Makron ham shaxsan kuzatgan. Bu haqda Fransiya Mudofaa vazirligi hamda Le Parisien xabar berdi.
Raketa atom suvosti kemasidan uchirilgan, sinov paytida u yadroviy kallak bilan jihozlanmagan. Uning parvozi Fransiya Qurol-yarog‘ bosh boshqarmasi (DFA) sinov markazi tomonidan kuzatib borilgan.
Raketa Atlantika okeanining shimoliy qismiga, qirg‘oqdan bir necha yuz kilometr uzoqlikka tushgan. Mudofaa vazirligi ushbu sinov Fransiyaning xalqaro majburiyatlariga rioya qilingan holda o‘tkazilganini ta’kidladi.
M51.3 — suvosti kemalaridan uchiriladigan M51 strategik ballistik raketasining uchinchi versiyasi. M51 raketalari Fransiyaning atom suvosti kemalariga o‘rnatiladi. Ular 9–10 ming kilometrgacha masofaga ucha oladi. Raketa og‘irligi 52 tonnadan boshlanadi.
M51.3 raketasini Yevropa aerokosmik va mudofaa konserni — EADS ishlab chiqqan. Kompaniya rasman Amsterdamda ro‘yxatdan o‘tgan, bosh qarorgohi esa Parijda joylashgan.
2026 yil bahorida Emmanuel Makron Fransiyaning yadroviy salohiyatidan Yevropa xavfsizligini ta’minlashda kengroq foydalanish rejasini ilgari surdi. U “kengaytirilgan yadroviy tiyib turish” konsepsiyasini taklif qildi.
“Bu xavfli va beqaror dunyoda erkin bo‘lish uchun boshqalarda qo‘rquv uyg‘ota olish kerak”, degandi Makron.