Fransiya Ruminiyaning so‘roviga binoan Qora dengizning g‘arbiy qismida kuzatuv olib borish va muhim infratuzilma ob’ektlarini himoya qilish maqsadida Atlantique 2 dengiz razvedka samolyotini yubordi.
Bu haqda Ruminiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilgan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Fransiya harbiy-dengiz kuchlariga tegishli samolyot mamlakat janubi-sharqida joylashgan Mixail Kogelnichanu nomidagi 57-havo bazasiga joylashtirilgan.
Razvedka parvozlari 18 oktyabrdan 6 noyabrgacha bo‘lgan davrga rejalashtirilgan. Missiya davomida samolyot Qora dengizning g‘arbiy qismida kuzatuv va razvedka ishlarini amalga oshiradi.
«Fransiya harbiy-dengiz kuchlari razvedka samolyoti parvozlarining maqsadi — dengiz qatnovi uchun mavjud tahdidlarni aniqlash va Ruminiyaning istisno iqtisodiy zonasida muhim infratuzilma ob’ektlari himoyasini kuchaytirishdan iborat», — deyiladi xabarda.
Ruminiya Mudofaa vazirligi aniqlik kiritishicha, parvozlar «Vise-admiral Ioan Jorjesku» harbiy-dengiz bo‘linmasi qo‘mondonligi ko‘magida, Dengizda qutqaruv ishlarini muvofiqlashtirish markazi bilan hamkorlikda rejalashtiriladi va muvofiqlashtiriladi.