4 noyabrdan maktablarda kuzgi ta’til boshlanadi. Qonunchilikda ayrim ota-onalar uchun farzandlari bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish imkonini beruvchi qo‘shimcha ta’tillar nazarda tutilgan.
Mehnat kodeksining 401 va 402-moddalariga ko‘ra, 12 yoshga to‘lmagan ikki yoki undan ortiq farzandi yoxud 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan farzandi bor ota-onalardan biri bu huquqdan foydalanishi mumkin. Bu ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslarga ham taalluqli.
Ularga har yili kamida 4 kalendar kun haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi. Shuningdek, xohishiga ko‘ra, 14 kalendar kungacha ish haqi saqlanmaydigan ta’til olish mumkin.
Ushbu ta’tillarni yillik mehnat ta’tiliga qo‘shib yoki ish beruvchi bilan kelishib, alohida – to‘liq yoxud qismlarga bo‘lib olish mumkin.
Ta’tillardan tegishli ish yilida foydalanish kerak: ular keyingi ish yiliga ko‘chirilmaydi. Haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’tilni pulli kompensasiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.