🔴 Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari hamkorligida Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1989 y.t. mahalliy fuqaroga tegishli sumka xolislar ishtirokida tekshirib ko‘rildi.
Natijada, sumka ichida 5 bo‘lakdan iborat jami 4 kg 463 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, ushbu noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan, uning 1990 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan ukasi ham prosessual tartibda ushlandi.
Aniqlanishicha, aka-ukalar Afg‘onistondan mamlakatimizga kontrabanda qilingan ushbu narkotik moddani Farg‘ona viloyatida sotishni rejalashtirishgan.
⚖️ Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
🛡 Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Navoiy shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 2000 y.t. mahalliy fuqaro to‘xtatilib tekshirildi hamda undan 8 ta ampulada gashish moyi va 10 dona folga qog‘ozga o‘ralgan gashish moddasi olindi.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, narkolaboratoriya tashkil qilganligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu manzildan 34 dona izolenta bilan o‘ralgan gashish, 63 ta ampulada 88 gr gashish moyi va 2 ta shprisda 25 mg gashish moyi, shuningdek, 640 gr gashish moyi va 2 gr qo‘lbola usulda tayyorlangan gashish hamda giyohvandlik vositalarini qadoqlash uchun ishlatiladigan izolenta, tarozi, ampula, shpris va boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
⚖️ Hozirda qonunbuzarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 4-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.