Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan muzokaralarga tayyor ekanini bildirdi. Uning aytishicha, Isroil tomoni allaqachon muloqot o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan.
💬 «Unda menga kerakli narsa bor, menda esa unga kerakli narsa bor. Shuning uchun men bu muloqotga tayyorman», — dedi Zelenskiy The Jerusalem Post'ga bergan intervyusida.
Ukraina prezidentining asosiy «koziri» — ironiy dronlarga qarshi kurash bo‘yicha to‘plangan tajriba. Gap Shahed dronlari haqida bormoqda, Ukraina ularga Rossiya bilan urush davomida duch kelgan, hozir esa bu dronlar Yaqin Sharqda qo‘llanilmoqda.
AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi fonida Ukraina tajribasiga xalqaro talab keskin oshgan. Kiyev allaqachon Fors ko‘rfazi davlatlariga harbiy mutaxassislarni yuborib, dronlarga qarshi himoya, radioelektron kurash va uskunalar yetkazib berish masalalari bo‘yicha maslahatlar bermoqda. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga o‘ndan ortiq so‘rov kelib tushgan.
Shu bilan birga, Kiyev o‘z tajribasini bepul taqdim etmoqchi emas. Zelenskiy AQSh bilan 35–50 milliard dollarlik kelishuv imzolashni istashini aytdi. Biroq AQSh prezidenti Donald Tramp 13 mart kuni bu taklifni rad etib, Amerika Eron dronlariga qarshi Kiyev yordamisiz ham kurasha olishini bildirgan. Zelenskiy esa buni «ritorika» deb baholadi.
Bu hamkorlik taklifi Eron bilan munosabatlarni yanada yomonlashtirgan. Eron deputati Ebragim Azizi ogohlantirishicha, agar Ukraina Isroilga dronlar sohasida yordam bersa, u «amalda urushga kirgan» hisoblanadi va o‘z hududini Eron uchun qonuniy nishonga aylantiradi.