Bugun 27 oktyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

FAO Farg‘ona vodiysida dehqonlarga 24 ta qishloq xo‘jaligi uskunasini topshirdi

FAO Farg‘ona vodiysida dehqonlarga 24 ta qishloq xo‘jaligi uskunasini topshirdi

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi dehqon va tomorqa xo‘jaliklariga 12 ta motokultivator va 12 ta qo‘l purkagich topshirdi. Qo‘rg‘ontepa tumanidagi loyiha ishtirokchilariga qo‘shimcha ravishda bir tonna karbamid mineral o‘g‘iti ham yetkazib berildi.

Texnik yordam FAO hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan «Farg‘ona vodiysida qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish uchun Janub–Janub va uch tomonlama hamkorlik» loyihasi doirasida taqdim etildi.

Uskunalar Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanidagi «Navbahor», Namangan tumanidagi «Beshkapa» va Farg‘ona tumanidagi «Sanoat» mahallalaridagi loyiha ishtirokchilariga berildi. Har bir hududga to‘rttadan motokultivator va qo‘l purkagich ajratildi.

Yangi uskunalar tuproqqa ishlov berishni yengillashtirish, qo‘l mehnatini kamaytirish hamda ekinlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilishga yordam berishi kutilmoqda.

Texnik ko‘mak mahalliy dehqonlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari bilan ham to‘ldirilmoqda. Sentyabr va oktyabr oylarida uchta viloyatda tashkil etilgan trenerlar tayyorlash kurslarini 38 nafar ishtirokchi muvaffaqiyatli yakunladi. Mashg‘ulotlarda tuproq va suv resurslarini barqaror boshqarish, iqlimga chidamli ekinlarni yetishtirish hamda zamonaviy qishloq xo‘jaligi usullari o‘rgatildi.

Loyiha koordinatori Muhammadjon Qosimovning ta’kidlashicha, o‘quv mashg‘ulotlarini amaliy texnik yordam bilan uyg‘unlashtirish orqali iqlim o‘zgarishi sharoitida dehqon va tomorqa xo‘jaliklarining ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

Loyiha Farg‘ona vodiysida iqlim o‘zgarishiga moslashgan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va qishloq aholisining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan.

Kiritildi: 17:48 26.10.2026. O'qildi: 577 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!