"Bavariya" vingeri Maykl Olise WhoScored tahliliy portali talqiniga ko‘ra ayni damda Yevropaning eng yaxshi futbolchisi.
So‘nggi oltita o‘yindagi harakatlari uchun fransuz 8,73 ball to‘pladi - bu Yevropaning top-5 ligalaridagi barcha o‘yinchilar orasida eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Ikkinchi o‘rinda "Barselona" vingeri Lamin Yamal bormoqda. Kataloniya klubi yulduzining o‘yinlarini tahlilchilar 8,70 ballga baholagan. Kuchli uchlikni "Bavariya" forvardi Xarri Keyn (8,47) yakunlab berdi.
Keyingi o‘rinda Myunxen klubining yana bir vakili - 8,10 ball to‘plagan vinger Luis Dias bormoqda. Yevropaning eng yaxshi 5 futbolchisi qatoriga "Real" hujumchisi Kilian Mbappe (7,93) ham kirdi.