Bugun Yevropa bo‘ylab yo‘lovchi samolyotlari bortida bomba borligi haqidagi xabarlar to‘lqini yoyildi. BILD ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 14 ta reysga nisbatan tahdidlar kelib tushgan, to‘qqizta samolyot o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishga va rejadagidan tashqari qo‘nishni amalga oshirishga majbur bo‘lgan. Ayrim holatlarda laynerlarni kuzatib borish uchun harbiy qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilgan.
Dublin–Rim yo‘nalishi bo‘ylab 157 kishi bilan harakatlangan Aer Lingus samolyoti Fransiyaning Normandiyadagi Evryo harbiy bazasiga kelib qo‘ndi. Xelsinkidan uchgan Finnair laynerini Italiya Harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari Rim aeroportigacha kuzatib bordi. Milandan Varshavaga reysni amalga oshirayotgan Wizz Air samolyoti Venaga favqulodda qo‘ndi. Yana uchta samolyot Bolgariyaga yo‘naltirildi, LOT aviakompaniyasining reysi esa Bryusselda rejadan tashqari qo‘nishni amalga oshirdi.
Chexiya polisiyasi Pragaga uchayotgan to‘rtta samolyotga tahdid qilingani haqida xabar berdi. Qo‘nishdan keyin bortdan portlovchi qurilmalar topilmadi. Shuningdek, Gresiyaning Aegean Airlines aviakompaniyasining Afina va Salonikidan uchgan ikkita reysi ham bomba xavfi haqida xabar olgan, biroq har ikki samolyot o‘z manzil aeroportlariga jadval bo‘yicha qo‘ngan.