Shanba kuni Estoniya poytaxti Tallin shahridagi eng yirik savdo markazlaridan birida portlash sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa terrorizm bilan bog‘liq emas.
Bu haqda ERR xabar bergan bo‘lib, ushbu ma’lumotni European Pravda nashri ham tasdiqlagan.
Ülemiste savdo markazida axlat qutisi portlagan, natijada yaqin atrofda bo‘lgan xodim jarohat olgan. Jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan, biroq uning hayotiga xavf yo‘q.
Xavfsizlik polisiyasi kengashi Ulemiste hududida sodir bo‘lgan voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi va hozircha terrorchilik tahdidi mavjudligini rad etdi.
«Hozircha ushbu ish terrorizm yoki ekstremizm bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatuvchi hech qanday alomat yo‘q. Tahdid darajasi oshirilmadi, mavjud dalillar esa bu alohida holat ekanini ko‘rsatmoqda», — dedi Xavfsizlik polisiyasi departamenti bosh direktori Margot Pallonson.
Qutqaruv xizmati mutaxassislari tun bo‘yi savdo markazidagi barcha axlat qutilarini tekshirib chiqishdi va boshqa portlovchi qurilmalar yo‘qligini tasdiqlashdi. Qo‘shimcha tahdidlar aniqlanmadi.
«Bayram dam olish kunlari arafasida Estoniyaning eng yirik savdo markazida sodir bo‘lgan portlash, albatta, ko‘pchilikda qo‘rquv va sarosima uyg‘otmoqda. Aholi orasida xavfsizlik hissini saqlab qolish maqsadida bayram davrida jamoat joylarida polisiya ishtirokini kuchaytirishga qaror qildik. Mavjud ma’lumotlarga asoslanib aytsak, odamlarning o‘z kundalik xulq-atvorini o‘zgartirishi uchun hech qanday sabab yo‘q», — dedi Polisiya va chegara qo‘riqlash xizmati bosh direktori Egert Belitshev.
Ayni paytda tergov organlari portlashning barcha tafsilotlari va sabablarini aniqlamoqda.
Shuningdek, polisiya Estoniya bo‘ylab barcha savdo markazlari va ularning xavfsizlik xizmatlari bilan bog‘lanib, zarur xavfsizlik choralari bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborgan.