Eronning yangi oliy rahbari saylandi, uning ismi hozircha aytilmayapti.
Eron Ekspertlar kengashi mamlakatning yangi oliy rahbarni sayladi, deb xabar berdi Eronning Mehr axborot agentligi kengash a’zolariga tayanib.
Saylangan rahbarning ismi hozircha ochiqlanmagan. Uni Ekspertlar kengashi kotibiyati rahbari Xosseyni Bushehriy e’lon qilishi kerak, ammo u hozircha hech qanday bayonot bermadi.
Ekspertlar kengashi tarkibiga islom huquqi bo‘yicha mutaxassis hisoblangan 88 nafar ulamo-huquqshunoslar kiradi. Ular 28 fevral kuni AQSh va Isroil zarbalari natijasida halok bo‘lgan oyatulloh Ali Xominaiy o‘rniga yangi oliy rahbarni tanlashi kerak edi.
The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, oliy rahbar lavozimiga asosiy nomzodlardan biri Ali Xominaiyning o‘g‘li, 56 yoshli Mujtabo Xominaiy hisoblanadi.
Bundan avval Isroil Mudofaa armiyasi Eronning har qanday yangi rahbarini “yo‘q qilish uchun nishon” sifatida ko‘rishini ma’lum qilgan edi.