Bu haqda Reuters agentligi Eron ommaviy axborot vositalariga tayanib xabar bermoqda.
SAXAL tungi hujum chog‘ida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining (IIQK) dronlar bo‘yicha ikkinchi brigadasi komandiri Aminpur Judakiy halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Shuningdek, ertalab Isroil mudofaa vaziri Israel Kas Eronning Qum shahrida joylashgan uyga berilgan zarba natijasida IIQKning Falastin bo‘limi rahbari Said Izadiy o‘ldirilganini e’lon qildi.
Bundan tashqari, SAXALning ma’lum qilishicha, IIQKning “190-guruh” komandiri Behnam Shahriyoriy ham halok bo‘lgan. Isroil maxsus xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Shahriyoriy 21 iyunga o‘tar kechasi Eronning g‘arbida o‘z avtomobilida ketayotgan vaqtda Isroil harbiy-havo kuchlari tomonidan nishonga olingan.
Isroil Shaxriyoriyni mintaqadagi Eron tarafdori bo‘lgan guruhlarga, jumladan, HAMAS, Hizbulloh va husilarga qurol yetkazib berish uchun javobgar shaxs deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, 13 iyun kuni Isroil Eronga qarshi zarbalarni boshlaganida, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bosh qo‘mondoni Husayn Salamiy va Eron bosh shtabi rahbari Muhammad Bageriy halok bo‘lgan edi.