Eron fuqarolarining O‘zbekistonga vizasiz kirishi masalasi ikki davlat hukumatlari tomonidan muhokama qilinmoqda. Eron elchixonasi vakiliga ko‘ra, bu qaror qabul qilinsa, ikki mamlakat o‘rtasida turizm va hamkorlik yanada rivojlanadi.
Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakilining ma’lum qilishicha, Eron fuqarolarining O‘zbekistonga vizasiz kirishini joriy etish masalasi muhokama jarayonida. Bu haqda 24 iyun kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Elchixona muvaqqat ishlar vakili Husayn Parvareshning aytishicha, O‘zbekiston fuqarolari uchun Eronga vizasiz borish huquqi berilgach, mazkur mamlakatga sayohat qilayotgan o‘zbekistonliklar soni keskin oshgan. Unga ko‘ra, o‘zbekistonliklar yiliga ikki marta ikki haftadan vizasiz Eronga borish imkoniga ega va bu imkoniyatdan faol foydalanishmoqda.
Parvaresh Tehron-Toshkent aviaqatnovlariga talab juda yuqoriligini ta’kidlab, chiptalar tez sotilib ketishayotganini bildirgan. Unga ko‘ra, bu bordi-keldilar soni oshgani va Eronga bo‘lgan qiziqish ortayotganidan dalolat beradi.
U shuningdek, so‘nggi vaqtlarda ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida aloqalar faollashganini, ayniqsa, tibbiy turizm yo‘nalishida hamkorlik rivojlanayotganini ma’lum qildi. Ayni paytda Eron klinikalarida o‘zbekistonlik bemorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish masalasi muhokama qilinmoqda.
Parvareshning ta’kidlashicha, bu masala ijobiy hal qilinsa, Eronga boruvchi o‘zbekistonliklar soni yanada ortishi mumkin. Biroq u aytib o‘tganidek, ikki mamlakat o‘rtasidagi yaxshi munosabatlarga qaramasdan, savdo-iqtisodiy aloqalar hali kutilgan darajaga yetmagan.
Hozirda O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari, jumladan, Tashqi ishlar vazirligi bilan Eron fuqarolari uchun vizasiz rejimni joriy etish yuzasidan muzokaralar olib borilayotgani ma’lum qilindi.