Xitoy rasmiylari bolalarning aqlli soatini topish uchun farroshlarni jazirama issiqda 4 soat davomida axlatni elakdan o‘tkazishga majbur qildi.
Bu haqda South China Morning Post nashri xabar berdi.
Xitoyning Datun shahridagi mahalliy hokimiyatlar sayyohning bolasi yo‘qotib qo‘ygan aqlli soatni topish bo‘yicha keng ko‘lamli operasiyani boshlaganidan so‘ng internetda keskin tanqidga uchradi. Operasiya davomida ikkita tozalovchi qattiq jaziramada 8 tonna axlatni qo‘lda qazishga majbur bo‘ldi.
Voqea Shenchjenlik ona farzandi bilan Datun shahriga tashrif buyurganida tasodifan o‘g‘lining soatini poyezd bortidagi axlat xaltasiga tashlab yuborganida sodir bo‘lgan. Qurilmada joylashuv funksiyasi bor edi, bu uning hali ham poyezd stansiyasida ekanligini ko‘rsatdi.
Ertasi kuni ayol mahalliy munisipal hukumatga yordam so‘rab murojaat qildi. Xodimlar chiqindilarni utilizasiya qilish bilan shug‘ullanuvchi Xincheng Environment Company davlat korxonasi bilan bog‘landi. U yerda ular soat 8 tonna chiqindi bilan birga poligonga olib ketilganini aniqladilar.
Ikki ishchiga yo‘qolgan qurilmani topish uchun barcha axlatlarni qo‘lda saralash topshirildi. Gadjetni topish uchun ularga 4 soatdan ko‘proq vaqt kerak bo‘ldi. Onasi ularga mukofot berishni taklif qildi, ammo ishchilar pulni rad etishdi.
Rasmiylar bu holatni “sayyohlarga nisbatan sezgir munosabat” va “jamiyatga xizmat ko‘rsatish namunasi” sifatida ko‘rsatganiga qaramay, Xitoydagi internet foydalanuvchilari mahalliy amaldorlarning harakatlarini tanqid qilishdi. "Bunchalik arzimagan narsa uchun bunday ulkan sa’y-harakatlar qilinganidan hayratdaman. Men tushunmayapman", deb yozadi sharhlovchilardan biri.