Rafinya nomi bilan tanilgan braziliyalik himoyachi Marsio Rafael Ferreyra de Souza 39 yoshida faoliyatini yakunladi. Bu haqda futbolchi Sportv kanali efirida ma’lum qildi.
"Bu uzoq davom etgan yo‘l edi. Avvalambor, menga ajoyib karyera bergan Xudoga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Men qo‘lga kiritgan narsalarimga erisha olishimni kutmagan edim. Futboldagi barcha orzularimni amalga oshirdim," - dedi Rafinya.
Futbolchi o‘z faoliyatini o‘z vatanida "Kuritiba" klubi tarkibida boshlagan va o‘sha yerda yakunlagan. U harakat qilgan jamoalar ro‘yxatida "Shalke-04", "Jenoa", "Bavariya", "Flamengo", "Olimpiakos", "Gremio" va "San-Paulu" kabilar bor.
Rafinyaning hisobida 7 ta Germaniya chempionligi, Chempionlar ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionati, shuningdek, boshqa yirik turnirlarda g‘alabalar bor. Shuningdek, u Braziliya terma jamoasida 4 ta o‘yinda maydonga tushgan.