The New York Times maqolasida qayd etilishicha, Tramp ma’muriyati neft narxlarini tezda tushirish uchun imkoniyatlari ancha cheklangan. Hormuz bo‘g‘ozi orqali ta’minotdagi uzilishlar saqlanib turgan sharoitda, qabul qilinadigan har qanday choralar faqat oqibatlarni qisman yumshatishi mumkin, ammo vaziyatni tubdan o‘zgartirishga qodir emas.
Jahon bozorida neft narxlari keskin oshib ketsa, mamlakat aholisini uning oqibatlaridan to‘liq himoya qilish juda qiyin. Shu bois siyosatchilar mamlakat ichida benzin narxlarini pasaytirishning bir qator variantlarini muhokama qilmoqda. Ular orasida strategik neft zaxiralaridan foydalanish, AQShdan yoqilg‘i eksportini cheklash va benzinga solinadigan soliqlarni vaqtincha bekor qilish kabi choralar ham bor.
Shu bilan birga, tahlilchilar fikricha, agar Eron bilan mojaro yaqin vaqt ichida yakunlanmasa, neft bozoridagi keskinlikni tezda bartaraf etish amalda juda mushkul bo‘lib qoladi.
Tez amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qadamlardan biri — AQShning Strategik neft zaxirasidan neft chiqarishdir. Bu zaxiralar odatda favqulodda holatlarda ishlatiladigan xom neft omborlaridan iborat. Boshqa mamlakatlarda ham shunday strategik zaxiralar mavjud. Biroq dushanba kuni «Katta yettilik» davlatlari hozircha ulardan birgalikda foydalanishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Hozirgi vaqtda AQShning strategik zaxirasida yer osti omborlarida taxminan 415 mln barrel neft saqlanmoqda. Zaxiradan sutkasiga eng ko‘pi bilan 4,4 mln barrel neft chiqarish mumkin. Bu urush boshlanishidan oldin Hormuz bo‘g‘ozi orqali kuniga o‘tadigan taxminan 20 mln barrel neft va neft mahsulotlariga nisbatan ancha kichik ulushni tashkil etadi.
Yanada keskin choralardan biri — AQShdan neft eksportini vaqtincha cheklash bo‘lishi mumkin. 2015 yilda Kongress slanes inqilobi tufayli neft qazib olish keskin oshganidan keyin ko‘p yillik neft eksportiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilgan edi. Hozirda AQSh kuniga 10 mln barreldan ortiq neft va neft mahsulotlarini eksport qilmoqda.
Nazariy jihatdan bu ichki bozorda neft taklifi ortishi hisobiga mamlakat ichida narxlarni pasaytirishi mumkin. Biroq bunday qadam neftni qayta ishlash zavodlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, AQShning Yevropa va Lotin Amerikasidagi hamkorlariga zarba berishi va Amerika neft sanoati iqtisodiyotiga putur yetkazishi mumkin.