Erdo‘g‘an Putinga Ukraina urushida portlar va energetika ob’ektlariga hujumlarni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha moratoriy e’lon qilishni taklif qildi.
Bu haqda Anadolu agentligi Turkiya prezidenti matbuot xizmati bayonotiga tayanib xabar berdi.
"Prezident Erdo‘g‘an Ukraina–Rossiya urushini adolatli va mustahkam tinchlik orqali yakunlashga qaratilgan sa’y-harakatlar juda muhimligini ta’kidladi. U avvalo energetika ob’ektlari va portlarga nisbatan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etish foydali bo‘lishligini aytdi", deyiladi xabarda.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga Putinning Erdo‘g‘an bilan Ashxoboddagi uchrashuvi haqida gapirar ekan, suhbatning Ukraina urushiga oid qismini izohlamay, tomonlar bu masalada faqat “fikr almashganini” aytdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa payshanba kuni Kiyevda jurnalistlarga Turkiya portlar, kemalar va energetika ob’ektlari bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish taklifi ustida ishlayotgani haqida ma’lum qilgan edi.
"Prezident Erdo‘g‘an menga bu haqida gapirdi. Men unga biz buni qo‘llab-quvvatlashimizni aytdim. U avval qo‘mondonlar darajasida, keyin yetakchilar darajasida uchrashuv tashkil etmoqchi ekanini bildirdi", — dedi Zelenskiy.