Bugun 26 iyul, 2026 yil, yakshanba

КИР

Erdog‘an: "15 iyul qahramonona qarshiligi jahon demokratiyasi tarixida benazir hodisadir”

Erdog‘an: "15 iyul qahramonona qarshiligi jahon demokratiyasi tarixida benazir hodisadir”

"Turkiya siyosiy tarixidagi eng shafqatsiz davlat to‘ntarishiga urinishlardan biri bundan roppa-rosa 10 yil avval, 2016 yil 15 iyul kuni sodir bo‘lgan edi. Mamlakatimizning davlat muassasalariga yashirincha joylashib olgan terroristik oqim tomonidan amalga oshirilgan ushbu davlat to‘ntarishiga urinishning maqsadi Turkiyani uzoq yillar davom etadigan tartibsizlik va beqarorlik muhitiga sudrab, xalqimizning kelajagini o‘z nazorati ostiga olish edi. Aziz xalqimiz davlat to‘ntarishiga uringanlarga o‘z istiqloli va istiqbolini qat’iyat bilan himoya qilib javob berdi hamda bu qahramonona qarshilik orqali bu zaminda milliy irodani hech qachon asir etib bo‘lmasligini butun dunyoga yaqqol namoyish etdi. Turk xalqining 15 iyul kechasi ko‘rsatgan farosati, jasorati va donishmandligi shubhasiz, jahon demokratiyasi tarixi nuqtayi nazaridan ham benazir hodisadir.

Fathullohchi terrorchilik tashkiloti (FETO‘) tomonidan amalga oshirilgan ushbu xoinona davlat to‘ntarishiga urinish odatiy bir harbiy to‘ntarishga urinishdan tashqari, mamlakatimiz mustaqilligiga tahdid solgan keng ko‘lamli bosqin tashabbusi edi. Davlat to‘ntarishiga uringanlarning dastlabki nishoni milliy iroda va xalqimiz mustaqilligining timsoli bo‘lgan Prezidentlik majmuasi hamda Turkiya Buyuk Millat Majlisi bo‘ldi. 15 iyul kechasi qilgan murojaatimda bugungi kungacha xalq irodasi va qudratidan ustun hech qanday kuchni tan olmaganimni alohida ta’kidlagan edim. Bu so‘zlarni aytar ekanman, turk xalqi o‘z irodasini qat’iyat bilan himoya qilishiga ishonchim komil edi. Darhaqiqat, o‘sha kechaning o‘zidayoq ulkan iymon va yuksak ishonch bilan ko‘chalarga chiqqan xalqimiz terrorist to‘daning zulmi va hukmronligi ostida yashashni qat’iyan rad etdi. Mamlakatining mustaqilligi, demokratik yutuqlari va erkin irodasini himoya qilish yo‘lida jonini fido qilishdan ham qaytmagan xalqimiz qahramonona qarshilik ko‘rsatib, davlat to‘ntarishiga uringanlarni tor-mor etdi hamda avloddan avlodga faxr bilan hikoya qilinadigan milliy iroda dostonini yaratdi.

Millatimizning jasoratli va qat’iy pozisiyasidan ilhom olib, biz ham ushbu xoinona urinishning salbiy oqibatlarini tez fursatda bartaraf etish maqsadida qat’iy choralar ko‘rdik. Davlatning barcha muassasalarida siyosatdan tashqari vositalar orqali demokratik tizim faoliyatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tuzilmani tahdid manbai bo‘lishdan chiqarishga qaratilgan tarkibiy islohotlarni zudlik bilan hayotga tatbiq etdik. Shundan so‘ng, kurash olib borayotgan boshqa terror tashkilotlarini butunlay yo‘q qilish strategiyasi asosida mamlakat ichida va tashqarisida amalga oshirgan operasiyalarimizda muhim natijalarga erishdik. Nihoyat, birlik va hamjihatlik tariximizda yangi bir sahifa ochgan «Terrorsiz Turkiya» jarayonini boshladik.

«Terrorsiz Turkiya» jarayoni «Turkiya asri» strategik qarashimizning asosiy bosqichlaridan biri bo‘lib, u qamrovli va birlashtiruvchi yondashuv asosida, tegishli xavfsizlik tuzilmalarimizning sa’y-harakatlari hamda siyosiy tuzilmalarning qo‘llab-quvvatlashi bilan, Allohga hamd bo‘lsinki, o‘z maqsadi sari ishonchli qadamlar bilan ilgarilab bormoqda. «Terrorsiz Turkiya» jarayonining muvaffaqiyati nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligiga ham munosib hissa qo‘shishiga ishonaman.

Mamlakatimizning iqtisodiy farovonligi va taraqqiyotini ham nishonga olgan ushbu davlat to‘ntarishiga urinishni amalga oshirganlarga qarshi olib borgan kurashimiz natijasida energetika, transport, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, texnologiya va mudofaa kabi sohalarda amalga oshirgan loyihalarimiz orqali yanada farovon kelajak sari dadil qadamlar tashladik. So‘nggi o‘n yil davomida amalga oshirgan Milliy texnologiyalar tashabbusi bilan mudofaa, aviasiya va kosmik sanoat sohalarida ulkan yutuqlarga erishdik. Elektr va intellektual transport tizimlarini rivojlantirdik, sog‘liqni saqlash hamda qishloq xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan yirik investisiyalar orqali xalqimizning fidoyiligiga munosib bo‘lishga intildik. Shu bilan birga, ushbu davr mobaynida butun dunyoda e’tirof etilgan milliy brend mahsulotlarimizni ham yaratdik. Ular orasida elektr avtomobilimiz TOGG (TOGG), milliy jangovar samolyotimiz KAAN (KAAN), milliy harbiy kema korvetlarimiz hamda uchuvchisiz havo vositalarimiz eng avvalo tilga olinadigan yutuqlarimizdir.

Shu bilan birga, o‘tgan o‘n yil davomida Turkiya tashabbuskor tashqi siyosat yondashuvi asosida ham mintaqaviy, ham global miqyosdagi inqiroz va mojarolarni hal etishda muhim ishtirokchi sifatida alohida o‘rin egalladi. Inqiroz hukm surayotgan barcha hududlarda biz kuchlining emas, mazlum va haq tomonning yonida turib, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida mas’uliyatni zimmamizga olishdan hech qachon chekinmadik. Qayerda zulm yoki adolatsizlik bo‘lsa, o‘sha yerda xalqaro huquq, adolat va vijdonning ovozi bo‘ldik. Bugun Turkiya mintaqaviy va global masalalarda ishtiroki va hissasi yuksak qadrlanadigan, so‘ziga ishonch bildiriladigan hamda fikriga murojaat qilinadigan mamlakat sifatida e’tirof etilayotgan bo‘lsa, bu muvaffaqiyat zamirida 15 iyul kechasi o‘z istiqloli va istiqbolini jonini fido qilish evaziga himoya qilgan aziz xalqimizning mustahkam irodasi mujassamdir.

Xalqaro hamkorlik zarur bo‘lgan terrorizmga qarshi kurash tashqi siyosatimizning kun tartibidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ma’lumki, FETO‘ning xorijdagi tuzilmalarida tashkilot ichidagi parchalanish jarayoni so‘nggi ikki yil ichida jadallashdi. Shu bilan birga, ayrim davlatlar ushbu tashkilotni hozirga qadar, garchi yashirin shaklda bo‘lsa-da, qo‘llab-quvvatlayotgani va uning a’zolariga boshpana berayotganidan xabardormiz.

O‘z maqsadlariga erishish yo‘lida har qanday vositani joiz deb biladigan, turli qiyofalarga kiradigan, demokratiya, erkinlik va inson huquqlari kabi tushunchalarni ham suiiste’mol qilishdan tiyilmaydigan FETO‘ga nisbatan doimo hushyor bo‘lish zarurligini shu munosabat bilan alohida ta’kidlamoqchiman.

15 iyul kechasi davlat to‘ntarishiga uringanlar tomonidan 253 nafar farzandi shahid etilgan xalq sifatida xalqaro hamjamiyatdan Turkiyaning haqli kurashini qat’iy qo‘llab-quvvatlashlarini kutib qolamiz. Global tinchlik, xavfsizlik va farovonlik faqat barcha terror tashkilotlariga nisbatan ikki xil mezon qo‘llamasdan olib boriladigan qat’iy va murosasiz kurash hamda samimiy xalqaro hamkorlik orqali ta’minlanishi mumkin".

Rajab Toyyib Erdog‘an, Turkiya Prezidenti

Kiritildi: 11:47 15.07.2026. O'qildi: 1480 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!