Bugun, 29 dekabr kuni WBO, WBA va IBF yo‘nalishlari bo‘yicha sobiq jahon chempioni bo‘lgan britaniyalik bokschi Entoni Joshua Nigeriyada avtohalokatga uchradi.
Polisiya ma’lumotiga ko‘ra, 36 yoshli bokschining ahvoli yaxshi. Yo‘l-transport hodisasi Ogun–Lagos shossesida sodir bo‘lgan. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, Joshua yuk mashinasiga borib urilgan «Lexus» avtomobilining orqa o‘rindig‘ida bo‘lgan.
Bokschi bilan birga mashinada bo‘lganlarning ikki nafari vafot etgan. Joshua hamda uning haydovchisi turli darajada jarohat olgan va shifoxonaga olib ketilgan.
Ayrim manbalarga ko‘ra, Entoni Joshua jiddiy jarohat olgan bo‘lishi mumkin, lekin hayoti xavf ostida emas.
Ma’lumot uchun, britaniyalik 36 yoshli Entoni Joshua 20 dekabr kuni 15 oylik tanaffusdan so‘ng bloger-bokschi Jeyk Polni oltinchi raundda nokautga uchratgan edi. Joshua kelasi yil yana bir sobiq jahon chempioni Tayson Fyuriga qarshi jang qilishi kutilmoqda.