Yangi tartibga ko‘ra, Superliga klublariga homiylik qilib kelgan yirik davlat korxonalari homiylik pullarini bir fondga tashlay boshladi.
O‘FA nazorati ostida har bir yuqori divizion jamoasiga 35 milliard so‘m pul bo‘lib-bo‘lib tashlab beriladi. Birinchi partiya allaqachon klublar hisobiga o‘tkazildi.
Bu pullarni qanday taqsimlash bo‘yicha O‘FA va PFL rahbariyati ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda aniq qilib aytilgan: davlat bergan puldan hech kimga 27 million so‘mdan ortiq maosh berib bo‘lmaydi. Soliqlarni hisobga olsa, futbolchilar eng ko‘pi bilan 23 million so‘m atrofida maosh olishi mumkin.
Shuningdek, klubdagi boshqa xodimlarga ham qanchadan pul berish mumkinligi belgilab berilgan. Masalan, bosh murabbiy 10 million so‘mdan kamroq maosh oladi. Buning yechimi - klublar o‘zlariga qo‘shimcha homiy topishlari kerak.