Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning rafiqasi Emine Erdog‘an O‘zbekistonning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Bolalar farovonligiga sarmoya kiritish: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli rivojlanishiga olib boruvchi yo‘l» mavzusidagi Butunjahon sammitida nutq so‘zladi.
Sammit ishtirokchilarini qutlar ekan, u Movarounnahr gavhari bo‘lmish O‘zbekistonda bo‘lib turganidan mamnunligini bildirdi.
Emine Erdog‘an bolalar farovonligini muhokama qilish uchun Samarqandda jam bo‘lish alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Xorazmiy kabi buyuk allomalarning bebaho ilm va hikmat merosi bolalar uchun tinch va adolatli dunyo barpo etish yo‘lida mayoq bo‘lib xizmat qiladi.
«Bizning nazarimizda bola — insoniyatning yuragidir. Ularga tegishli masalalar har doim global kun tartibining markazida turishi kerak», — dedi u.
Emine Erdog‘an jamiyatning barqaror rivojlanishi va kelajagi bilan bolalar farovonligiga kiritiladigan sarmoya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik borligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalar farovonligini baholashda ovqatlanish, boshpana, xavfsizlik, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish kabi asosiy ehtiyojlarni qondirish muhim mezon hisoblanadi. Biroq bolalarning maktabga borishi har doim ham sifatli ta’lim olishi, zo‘ravonlikka uchramasligi, mehr va e’tibor ko‘rishi ta’minlanganini anglatmaydi. Shu bois bolalar farovonligini baholashda faqat an’anaviy ko‘rsatkichlar va statistik raqamlar bilan cheklanib qolmaslik kerak.
«Raqamlar nimani diqqat markaziga olganimizni ko‘rsatsa, ayni shu raqamlar nimani e’tibordan chetda qoldirayotganimizni ham anglatadi», — dedi u.
Emine Erdog‘an bugungi kunda bolalar iqlim inqirozi, urushlar va ular oqibatidagi majburiy migrasiya kabi ko‘p qirrali muammolarga duch kelayotganini qayd etdi. Shuningdek, iqlimdan xavotirlanish, sun’iy intellekt, raqamli zo‘ravonlik va inson diqqatidan foydalanish bilan bog‘liq muammolar yangi avlod oldidagi dolzarb masalalarga aylanayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, «bolalar farovonligi» tushunchasini zamon talablariga mos ravishda qayta ko‘rib chiqish zarur.
Emine Erdog‘an Turkiyada bolalarni himoya qilishga qaratilgan ijtimoiy siyosat davr talablaridan kelib chiqib rivojlantirilayotganini ta’kidladi. Mamlakatda bolaning jismoniy ehtiyojlari bilan bir qatorda uning ruhiy, ma’naviy va axloqiy ehtiyojlariga ham alohida e’tibor qaratiladi.
«Avvalo, oila institutini muhofaza qilish bolani himoya qilishning asosiy sharti, degan tamoyilga tayanamiz. Shu munosabat bilan 2025 yilning Muhtaram Prezidentimiz tomonidan “Oila yili” deb e’lon qilinishi uzoq muddatli qarashning birinchi qadami bo‘ldi. 2026–2035 yillar davrini esa “Oila va demografiya o‘n yilligi” deb belgiladik», — dedi u.
Shuningdek, Emine Erdog‘an «Turkiya asri ma’rifat modeli» orqali bolalarni o‘z geografiyasi nuqtai nazaridan dunyoni anglay oladigan va zamonaviy bilimlar bilan qurollangan yetuk shaxslar etib tarbiyalashga intilayotganlarini ma’lum qildi.
U raqamli muhitda bolalar huquqlarini himoya qilish masalasiga ham to‘xtaldi. Emine Erdog‘anning ta’kidlashicha, Turkiya bolalarni raqamli hayot xavflaridan himoya qilish maqsadida «Raqamli dunyoda bolalar huquqlari konvensiyasi» doirasida choralar ko‘rayotgan mamlakatlardan biridir. Ushbu yo‘nalishda 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi cheklangan, platformalar zimmasiga esa yoshni tasdiqlash va ota-ona nazoratini ta’minlash kabi majburiyatlar yuklangan.
UNICEF tomonidan namunaviy loyiha sifatida e’tirof etilgan «Gönül Elçileri» («Ko‘ngil elchilari») tashabbusi haqida so‘z yuritar ekan, Emine Erdog‘an oilaviy parvarish tizimi kengaytirilayotganini qayd etdi. Bugungi kunda Turkiyada 11 mingdan ortiq bola vasiy oilalar qaramog‘ida yashamoqda. Ushbu tizimga migrasiya tufayli mamlakatga kelgan, urushdan jabr ko‘rgan bolalar ham jalb etilmoqda.
Uning ta’kidlashicha, barcha bolalarning farovonligini ta’minlashda kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik, hukumatlar, oilalar, pedagoglar, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarining hamjihatlikda harakat qilishi muhim ahamiyatga ega.
«100 dan ortiq mamlakat vakillari sifatida dunyodagi barcha bolalarga adolatli va teng imkoniyatlar yaratish, ularning ehtiyojlariga ovoz bo‘lish uchun jamlandik. Shunday ekan, bu ovozni, ayniqsa, urush hududlarida yashayotgan va kelajak haqida hech qanday orzu qila olmayotgan bolalar muammolarini hal etish uchun ko‘taraylik.
Bugun G‘azodagi 1 milliondan ortiq bola bolalar farovonligi doirasida o‘z huquqlariga erishish orzusi bilan yashamoqda. Unutmaylikki, hech kim ortda qolmaydigan dunyo faqat urush sirenalari o‘chgandagina mumkin bo‘ladi.
Bolalar bizning eng muhim masalamizdir va Turkiya sifatida ularga naf keltiradigan hamkorliklarga har doim tayyormiz», — dedi Emine Erdog‘an.