Ekvador prezidenti Daniel Noboa mamlakat bo‘ylab o‘nta viloyat va uchta munisipalitetda 60 kunlik favqulodda holat e’lon qildi.
Hujjatga ko‘ra, favqulodda holat Guayas, Manabi, Santa-Elena, Los-Rios, El-Oro va Esmeraldas qirg‘oqbo‘yi viloyatlariga ham tegishli. Bundan tashqari, Pichincha, Santo-Domingo-de-los-Sachilas, Sukumbios va Asuay viloyatlarida choralar joriy etildi.
Favqulodda holat Kotopaksi provinsiyasidagi La Mana, Bolivar provinsiyasidagi Las Naves va Sanar provinsiyasidagi La Tronsal munisipalitetlariga ham ta’sir qiladi.
Farmonda uylarni tintuv qilish va yozishmalarni tekshirishdan himoya qilish kabi bir qator konstitusiyaviy kafolatlarning to‘xtatib qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Xavfsizlik kuchlari, agar ularda uyushgan qurolli guruhlar yoki jinoiy tashkilotlar a’zolari borligi haqida dalillar bo‘lsa, darhol tintuv o‘tkazishga vakolatli.
Bundan tashqari, huquqni muhofaza qilish organlari tahdidlarning oldini olish va zararsizlantirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish vakolatiga ega. Xavfsizlikni ta’minlash uchun zarur bo‘lganda, rasmiylar noqonuniy tovarlar va xizmatlarni vaqtincha musodara qilishlari mumkin.
Hujjatda ta’kidlanishicha, Ekvadorda qurolli hujumlar va uyushgan jinoyatchilik guruhlari bilan bog‘liq boshqa jinoyatlar so‘nggi paytlarda sezilarli darajada oshdi. Rasmiylarning fikriga ko‘ra, qotilliklar, tovlamachilik, odam o‘g‘irlash, talonchilik va giyohvand moddalar savdosi jamiyatni beqarorlashtirishda davom etmoqda va mamlakatning iqtisodiy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.