Bugun 4 avgust, 2025 yil, dushanba

КИР

Navoiyda atmosferaga me’yoridan ortiq zararli tashlanmalar chiqargan korxonalar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Navoiyda atmosferaga me’yoridan ortiq zararli tashlanmalar chiqargan korxonalar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi rahbariyatidan iborat ishchi guruh tomonidan Bosh prokuratura bilan hamkorlikda Navoiy shahri hududida atmosfera havosi ifloslanishi sabablarini aniqlash, tahlil qilish va ularga nisbatan ta’sirli chora ko‘rish bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilmoqda.

O‘rganish Ekologiya vazirining qat’iy topshirig‘iga ko‘ra ikkita yo‘nalishda — Navoiy shahrida kuzatilgan oq tutun manbasini aniqlash hamda shaharda sanoat tashlanmalari bilan bog‘liq umumiy ekologik holatni yaxshilash maqsadida olib borilmoqda. Qonun buzilish holatlariga nisbatan keskin choralar ko‘rilmoqda.

Birinchi holatda, 19 iyul kuni Navoiy shahrida atmosfera havosining oq tutun bilan ifloslanishi bo‘yicha laboratoriya tahlillari va boshqa ma’lumotlar to‘plandi. Navoiy shahri hududi bo‘ylab 11 ta nuqtadan ko‘chma laboratoriya orqali havoning ifloslanish darajasi tahlil qilinganda oltingurgurt ikki oksidi (SO₂)belgilangan me’yordan 1,86 baravar, ammiak (NH₃)esa 1,43 baravar yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Shu kuni soat 05:30da (sobiq “Elektrokimyo” zavodi xududida) “Sogda kimyo zavod” MCHJ, “Ferrosplav” MCHJ va "Zarafshon industrial technology" MCHJ zavodlariga tutash hududda qisqa vaqtning o‘zida konsentranlangan tashlanma shakllantirilgan videotasmasi dalil sifatida rasmiylashtirildi.

Ushbu korxonalarni tekshirish davomida:

1) “Sogda kimyo zavod” MCHJ davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olmasdan faoliyat yuritayotganligi, o‘z hududida betartib chiqindixona yaratganligi hamda qurishi jarayonida hosil bo‘lgan qurilish chiqindilarni hududidan tashqarida joylashtirganligi, zararli moddalar ochiq hovuzda saqlanayotganligi, zararli moddalarni eritish jarayonida hosil bo‘lgan kislotali suvlar ochiq relyefga tashlanganligi, atmosfera havosiga nazoratsiz tashlanmalar chiqarayotganligi aniqlanib, atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun jami 7 mlrd 382 mln so‘m to‘lovlar belgilandi;

2) “Ferrosplav” MCHJ davlat ekologik ekspertizasi xulosasi olmasdan faoliyat yuritayotganligi, xomashyoni eritishdan hosil bo‘layotgan ifloslantiruvchi moddalar atmosferaga chiqarilayotganligi va sanoat chiqindilari betartib to‘planayotganligi aniqlanib, atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun jami 20 mln so‘m miqdorda to‘lovlar belgilandi;

3) “Zarafshon industrial technology” MCHJ esa davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talablarni bajarmaganligi, ruxsat etilgan me’yordan vodorod sulfid 25 baravar, azot oksidi 12 baravar, ammiak 7 baravar, oltingurut qo‘shoksidi 2,6 baravar, vodorod sulfid 40 baravar yuqori ekanligi va oltingugurt saqlash omborxonasida zararli moddalarni saqlash talablariga roiya etilmaganligi aniqlandi.

Mazkur sanoat korxonalari atrof-muhitni ekologik normativdan ortiq darajada ifloslantirganligi va belgilangan qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilganligi sababli Ekologiya vazirligi tomonidan ularning faoliyatini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Mazkur korxonalarga ekologik tadbirlarni amalga oshirish uchun 10 kun muddat berildi. Ushbu muddat ichida korxonalar o‘z faoliyatini ekologik talablarga moslagan holda yo‘lga qo‘ymasa, sudga tegishli ravishda ularning faoliyatini tugatish bo‘yicha da’vo arizalari kiritiladi.

Ikkinchi holatda, Navoiy shahrida umumiy ekologik vaziyatni o‘rganish va yaxshilash bo‘yicha 3 taguruh shakllantirilib, shahar va unga tutash hududlardagi 168 ta sanoat korxonasi faoliyati o‘rganilmoqda.

Bugunga qadar 42 ta korxona o‘rganilib, ekologiya sohasidagi qonun talabalariga rioya etmagan mansabdor shaxslarga nisbatan jarima choralarini qo‘llash uchun sud organlariga materiallar tayyorlandi.

Shu bilan bir qatorda o‘rganish davomida 22korxona — (“Qurilish mahsulotlari” (g‘isht zavodi), “Navoiy global trans servis” (granit), “Ittifoq” (g‘isht zavodi), “Qizilqum temir beton” (plita), “Qizilqum shifer” (shifer),“Stroykom-77” (buyoq pegmenti), “Karmana kvars” (ohak zavodi), “Navoiy util med” (tibbiyot chiqindilarni yoqish), “Navoiy asir invest” (kimyoviy moddalar saqlash ombori), “BARNO”(qurilish chiqindi poligoni), “Navoiy sheben xom-ashyo” (ohak va tosh maydalash sexi), “Navoiy sheben xom-ashyo” (ohak zavod), “Navoiy asir invest savdo” (sirka kislotasi omborxona), “Montaj servis malikrabot” (metalga ishlov berish),“Karmana sut” (sut qayta ishlash), “Alibobo-2020” (temir eritish), “Fosxim agro” (fosforli o‘g‘it ishlab chiqarish), “Jahon biznes baraka servis”(ohak sexi), “Rubin-karmana” (asfalt zavod),“Sogda kimyo zavod” (kimyoviy o‘g‘it ishlab chiqarish), “Ferrosplav” (metall eritish)MCHJlar, “Parda bobo ustaxonasi” (beton blok) faoliyati ekologik ekspertizadan o‘tkazilmaganligi, atmosfera, yer va suv muhofazasi bilan bog‘liq talablar qo‘pol ravishda buzilganligi, betartib chiqindixonalar yaratilganligi sababli ularning faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ushbu korxonalarga ham 10 kunlik muddat berildi.

Kamchiliklarini barataraf etmagan 19 ta korxonalarni faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritildi.

Bundan tashqari, “Navoiy azot korxonasi”faoliyati o‘rganilganda, korxona hududida hosil bo‘lgan qurilish chiqindilari belgilanmagan joylarda saqlab kelinganligi, qurim (saja) chiqindisi yoqib yuborilishi oqibatida atmosferga havosi ifloslantirilganligi aniqlandi.

Shuningdek, 29 iyul kuni korxonaning karbamid sexida olingan tahlil natijasida ammiak belgilangan me’yoridan 1,08 marotaba yuqoriligi, 29 iyuldan 30 iyulga o‘tar kechasi “Navoiyazot” AJ atrofida o‘tkazilgan tahlillar natijasida soat 23:43da sharqiy hudud atrofida (NH₃) ammiak moddasi miqdori 1,5 marta, (H₂S) vodorod sulfidi 36 marta, soat 00:16da g‘arbiy hudud atrofida (NH₃) ammiak moddasi miqdori 6,6 marta (H₂S) vodorod sulfidi 1,4 marta, (SO2) oltingugurt to‘rt oksidi moddasi 1,2 marta me’yordan yuqori chiqishi holati aniqlandi.

Oqibatda korxona jarima va kompensasiya to‘lovlariga tortilib, huquqbuzarlikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat belgilandi.

Joriy yilning 24 iyul kuni tungi vaqtda o‘tkazilgan tezkor nazorat tadbiri davrida Navoiy shahriga chegaradosh Karmana tumanining tog‘li hududida 24 nafar fuqaro tomonidan tegishli ruxsatnomalarsiz, ekologik me’yorlarga mutlaqo zid bo‘lgan noqonuniy ohak ishlab chiqarish faoliyati olib borilayotganligi, natijada atmosfera qora tutun va changlar bilan ifloslantirilayotganligi aniqlangan. Oqibatda jami 24 nafar fuqaroga nisbatan 18 mln so‘m jarima belgilandi hamda noqonuniy qurilmalar buzib tashlandi.

Faoliyatini ekologik ekspertizadan o‘tkazmagan, ekologik qonunchilik va talablarga muvofiq faoliyat yuritmayotgan korxonalarga jazo choralarini ko‘rish va ularning faoliyatini ekologik huquqiy me’yorlarga moslashtirish bo‘yicha Navoiy shahri bo‘ylab o‘rganishlar tun-u kun davom etmoqda. O‘rganishlar natijasi bo‘yicha Navoiy shahri atmosfera havosi ifloslanishini kamaytirishda har bir korxona kesimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ekologik tadbirlar dasturi shakllantiriladi hamda Navoiy viloyati Xalq deputatlari kengashiga tasdiqlash uchun kiritiladi.

Ekologiya vazirligi kelgusida sanoat korxonalari rahbarlari dastur bo‘yicha qilingan ishlar to‘g‘risida xalq vakillari oldida har chorakda axborot berish mexanizmini joriy qilishni taklif etadi.

Kiritildi: 21:35 31.07.2025. O'qildi: 665 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!