Bugun 26 iyul, 2026 yil, yakshanba

КИР

EI davlatlari Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketini yumshatishni so‘radi

EI davlatlari Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketini yumshatishni so‘radi

Evropa Ittifoqining oltita davlati Rossiyaga qarshi tayyorlanayotgan yangi sanksiyalar paketidagi ayrim choralarni blokladi yoki o‘z kompaniyalari uchun istisnolar kiritishni talab qildi. Bu haqda "Financial Times" diplomatlar va muzokaralardan xabardor manbalarga tayanib yozdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, gap Gresiya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Avstriya va Portugaliya haqida bormoqda.

Bu davlatlarning e’tirozlari asosan milliy kompaniyalar, sanoat tarmoqlari, sayyohlik va bank manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq.

Gresiya Rossiya suyultirilgan tabiiy gazini uchinchi davlatlarga tashishni taqiqlashga qarshi chiqdi. Afina rasmiylarining fikricha, bunday cheklov Gresiyaning yirik kema qatnovi kompaniyalaridan biri — "Dynagas" faoliyatiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Gresiya tomoni Yevropa kompaniyalari Rossiya suyultirilgan gazini tashishdan chiqib ketsa, bo‘shagan bozorni AQSH, Xitoy va Yaponiya kompaniyalari egallab olishidan xavotirda.

Gresiya siyosatchilari bunday keskin cheklovlarni Yevropaning o‘ziga zarar yetkazadigan chora deb atadi.

Germaniya va Portugaliya Rossiyadan ayrim baliq mahsulotlarini import qilishni taqiqlash taklifiga e’tiroz bildirmoqda. Ikki davlat bu mahsulotlar mahalliy baliqni qayta ishlash korxonalari uchun zarurligini ta’kidlagan.

"Financial Times" ma’lumotlariga ko‘ra, Berlin va Lissabon cheklov qabul qilinsa, o‘zlarining qayta ishlash sanoati xomashyo tanqisligi va ishlab chiqarish xarajatlarining oshishiga duch kelishidan xavotirda.

Fransiya va Italiya Rossiya Qurolli kuchlarida xizmat qilgan shaxslarning Yevropa Ittifoqiga kirishini cheklash bo‘yicha taklifni yumshatishni so‘ramoqda.

Nashr ikki davlat Yevropaning asosiy sayyohlik yo‘nalishlari qatoriga kirishi va viza cheklovlarining kengaytirilishi turizm sohasiga ham ta’sir qilishi mumkinligini qayd etgan.

Avstriya esa muzlatilgan Rossiya aktivlarining qariyb 2 mlrd yevrolik qismini sanksiyalardan chiqarish masalasini yana ko‘targan. Vena ushbu mablag‘lardan Rossiya sudi qarori tufayli zarar ko‘rgan "Raiffeisen Bank International"ga kompensasiya to‘lash uchun foydalanishni taklif qilmoqda.

Evropa komissiyasi Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketini iyun oyida taklif qilgan edi. 15 iyulda Yevropa Ittifoqi elchilari paket bo‘yicha yagona qarorga kela olmadi. Keyingi muzokaralar 23 iyulga qoldirildi.

FT bahosiga ko‘ra, alohida davlatlarning o‘z iqtisodiy manfaatlari uchun istisnolar talab qilishi Bryusselning Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha umumiy pozisiyasini zaiflashtirmoqda. Diplomatlar har bir mamlakat o‘zi uchun alohida imtiyoz talab qilsa, yakuniy paket ko‘plab bo‘shliqlarga ega bo‘lib qolishidan ogohlantirgan.

Kiritildi: 13:05 21.07.2026. O'qildi: 1502 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!