Yirik yuk tashish kompaniyalari Yaqin Sharqdagi inqiroz fonida Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qisman to‘sib qo‘yilishi sababli yuzaga kelgan uzilishlarni aylanib o‘tish uchun yoqilg‘i tashishning yangi yo‘nalishlaridan foydalanishni boshladi.
Bu haqda Financial Times nashri xabar bermoqda.
Gazetaning ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaziyatda Shanxay — Fors ko‘rfazi va Qizil dengiz yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashish qiymati rekord darajaga yetib, COVID-19 pandemiyasi davridagi ko‘rsatkichlardan ham oshib ketdi.
Clarksons Research tadqiqot markazining qayd etishicha, 15 may holatiga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda standart konteynerni tashish narxi 980 dollardan 4131 dollargacha ko‘tarilgan.
Nashrning yozishicha, Mediterranean Shipping Company, Maersk, CMA CGM va Hapag-Lloyd kabi eng yirik kemachilik kompaniyalari Qizil dengiz hamda O‘mon ko‘rfazi portlaridan yangi yo‘nalishlarni ochdi. Bu yo‘nalishlar Saudiya Arabistonidagi Yanbu va Qirol-Abdulla hamda BAAdagi Fujayra portlaridan mintaqaning eng yirik transport bog‘lamalari hisoblangan Dammam, Basra va Jabal-Ali portlarigacha bo‘lgan masofani qamrab oladi.