Bugun 28 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Datlabki ekzitpol tahlillari: Isroil saylovlarida aniq g‘alaba qozongan tomon aniqlanmadi

Datlabki ekzitpol tahlillari: Isroil saylovlarida aniq g‘alaba qozongan tomon aniqlanmadi

Channel 12 telekanalining ekzitpol ma’lumotlariga ko‘ra, Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning «Likud» partiyasi parlament saylovlarida 24 ta mandat bilan peshqadamlik qilmoqda. Biroq siyosiy lagerlarning hech biri yangi hukumatni shakllantirish uchun yetarli bo‘lgan o‘rinlarni qo‘lga kirita olgani yo‘q.

E’lon qilingan taxminlarga ko‘ra, Netanyaxuga qarshi chiqayotgan yahudiy partiyalari blogi Knessetda 52 ta o‘ringa, bosh vazirni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar esa 50 ta o‘ringa ega bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, hukumat rahbariga muxolif bo‘lgan arab partiyalari o‘z sektori uchun rekord darajadagi 18 ta mandatni egallashi kutilmoqda. 120 o‘rinli parlamentda ko‘pchilikni qo‘lga kiritish uchun kamida 61 ta mandat talab qilinadi.

Ekzitpol natijalariga ko‘ra:

  • «Likud» (Binyamin Netanyaxu) — 24 ta o‘rin;

  • «Yashar» markazchi muxolifat partiyasi (Gadi Ayzenkot) — 22 ta o‘rin;

  • «Beyaxad» partiyasi (Naftali Bennet) — 12 ta mandat;

  • Arab «Umumiy ro‘yxati» — 11 ta o‘rin.

Yaqqol g‘olibning yo‘qligi tomonlar o‘rtasida murakkab koalision muzokaralar boshlanishini anglatadi. Parlamentda ko‘pchilikni shakllantirish uchun tomonlar odatda hukmron koalisiyaga kirmaydigan arab partiyalarining qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj bo‘lishi mumkin. Netanyaxu va Ayzenkotning ikkalasi ham o‘zlarini g‘olib deb e’lon qilishi hamda prezident Isxak Gersogga hukumatni birinchi bo‘lib tuzish vakolatini berishni so‘rab murojaat qilishi mumkin.

Agar siyosiy lagerlarning hech biri koalisiya tuza olmasa, Isroilda qaytadan parlament saylovlari tayinlanishi xavfi mavjud. Bunday holatda Netanyaxu bosh vazir vazifasini bajaruvchi sifatida o‘z lavozimida qoladi. Bu kabi siyosiy berk ko‘cha 2019–2022 yillarda ham kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda mamlakatda ketma-ket beshta saylov kampaniyasi o‘tkazilgan edi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ovozlarni hisoblash ishlari davom etmoqda, rasmiy natijalar ekzitpol ko‘rsatkichlaridan farq qilishi mumkin. Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, soat 20:00 ga kelib mamlakat bo‘yicha saylovchilarning qatnashishi 74,3 foizni tashkil etgan. Tel-Avivda bu ko‘rsatkich 63,6 foizni, Quddusda 62 foizni, Xayfada esa 59,8 foizni tashkil qildi.

Kiritildi: Bugun 07:32. O'qildi: 409 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!