UFC rahbari Dana Uayt 2022 yilgacha tashkilot shafeligida jang qilgan Misha Sirkunov tashabbusi bilan sobiq jangchilarning da’vosi bo‘yicha sudda ko‘rsatma berishi kerak bo‘ladi.
Dastlab sportchilar UFC’ga ikkita da’vo arizasi bilan murojaat qilib, kompaniyani raqobatchilarni yo‘q qilishda va jangchilarga kamroq pul to‘lash uchun o‘zining monopol mavqeidan foydalanganlikda aybladi. 2010 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan ushbu da’volarning birinchisi bo‘yicha kelishuv bitimi tuzilgan bo‘lib, unga ko‘ra UFC da’vogarlarga 375 million dollar to‘lagan.
Ikkinchi da’voga kelsak, u 2017 yildan hozirgi kungacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi, UFC advokatlari uni rad etishni talab qilishdi. Chunki unda ishtirok etayotgan ko‘plab jangchilar ligaga guruh da’volarini qo‘zg‘atishni taqiqlovchi bandni o‘z ichiga olgan shartnomalarni imzolagan.
Sirkunov tomonidan berilgan uchinchi da’vo aynan shunday jangchilarni ifodalaydi. Ular, jumladan, guruh bo‘lib da’vo qo‘zg‘atishni taqiqlash to‘g‘risidagi bandning yuridik jihatdan o‘z-o‘zidan haqiqiy emas deb topilishiga erishmoqdalar, chunki u monopoliyaga qarshi qonun hujjatlariga ziddir.
Sud ushbu da’voga oid dalillarni yo‘q qilishda gumon qilinayotgan Dana Uayt va UFC vise-prezidenti Treysi Longni so‘roq qilishni rejalashtirmoqda. Ular 30 dekabr kuni o‘z ko‘rsatmalarini berishlari taxmin qilinmoqda.